AVVAL ADIRLARI

AVVAL ADIRLARI – Farg’ona viloyati Farg’ona tumanidagi bir-biriga parallel ikki qator qir. Ularni 6 km kenglikdagi vodiy ajratib turadi. Shimoliy qir shimoliy-sharqqa 10-12 kilometr cho’zilgan, eni 2,5 3 kilometr. Mutlaq balandligi 600 metr, eng baland joyi 680 metr Janubiy qir Sharqda Mo’yon adirlariga tutashib ketadi, uzunligi 8 kilometr, eni 4 kilometr, eng baland joyi 923 metr. Adirlar, asosan, to’rtlamchi davrning shag’al toshli jinslaridan tarkib topgan va eng yangi tektonik harakatlar natijasida ko’tarilgan. Yuzasi yassi, Janubiy yon bag’ri tik, shimoliy yon bag’ri qiyalanib borib keng tekislik hosil qiladi. Soylar adirlarni bo’lib bo’lib yuborgan. Avval adirlar neft va yer osti suvlariga boy, tipik bo’z tuproqlarda efemerlar va efemeroidlar, ba’zan shuvoq tarqalgan. Adirlarning ayrim joylari lalmi va sug’orma dehqonchilikda foydalaniladi.