AVVAL NEFT KONLARI

AVVAL NEFT KONLARI – Farg’ona viloyatidagi konlar, Farg’ona shahridan 15 kilometr Janubda. Avval neft konlari g’arbdan sharqqa cho’zilgan antiklinal bukilmada bo’lib, 1953-54 yillarda elektrorazvedka usuli bilan ochilgan. 1955 yilda boshlangan qidiruv ishlari natijasida iyun oyida 5 – gorizontdan bir kecha-kunduzda 40 tonnaga yaqin neft olinadigan quduq kavlangan. 1954 yilda asosiy avval bukilmasining sharqida yangi bukilma — Sharqiy avval bukilmasi aniqlandi. Bu bukilmalarning tuzilishida paleogen (qalinligi 250 metr) va neogen (700 metr) yotqiziqlari mavjud. Avval neft konlarida neft asosan 5 – gorizontda bo’lib, 6 – va 7 – gorizontlarda juda ham oz uchraydi. 5 – gorizont paleogenning Turkiston yarusi yotqiziqlaridagi darzli ohaktosh hamda qumtosh qatlamlaridan iborat. Neft bukilmaning Sharqiy qismida to’plangan bo’lib, g’arbda uzilma bilan chegaralanadi. Neft bilan birga gaz ham olinadi.