AYG’IR
AYG’IR — voyaga yetgan ot. Ayg’ir biyadan ko’ra sekinroq o’sib, kechroq voyaga yetadi. Ayg’irning qarchig’ayi biyanikiga nisbatan 2-3 santimetr baland, vazni og’ir, oyoqlari uzun va pishiq, kallasi katta, gavdasi ixchamroq. Nasldor Ayg’irlar yilqining sifatini yaxshilashda katta ahamiyatga ega. Naslchilik ishlari uchun Ayg’ir tanlashda ularning ishchanligi (chopish yoki yuk tortish qobiliyati), jinsiy faolligi, tana tuzilishi va ajdodining sifatlari e’tiborga olinadi. Agar biror Ayg’irdan bola olingan bo’lsa, o’sha Ayg’ir naslining sifatiga qarab ham baholanadi. Ko’pchilik Ayg’irlardan naslchilik ishlarida g’unanligidan boshlab foydalaniladi. Ayg’ir bir mavsumda uyurga qo’yish usuli qo’llanganda 25 biyani, qo’lda qochirish usuli qo’llanganda 50 biyani qochiradi. Sun’iy urug’lantirish usuli qo’llanganda, har bir Ayg’irning mavsumda bergan pushti 500 biyani qochirishga yetadi.