AYLANMA VOSITALAR
AYLANMA VOSITALAR (mablag’lar) — korxona (xo’jalik)ning xo’jalik faoliyatini moliyalash uchun foydalanadigan pul mablag’lari; Aylanma vositalar aylanma ishlab chiqarish fondlari va muomala fondlaridan tashkil topadi. Aylanma ishlab chiqarish fondlari ishlab chiqarish jarayonida bir marta ishtirok etadi, har bir ishlab chiqarish davrida butunlay iste’mol qilinadi, o’z natural shaklini o’zgartiradi, uning qiymati etishtirilayotgan mahsulotga to’liq o’tadi va mahsulot sotilishi bilan pulga aylanadi (xom ashyo, materiallar, kelgusi davr xarajatlari, arzon baho anjomlar va boshqalar). Muomala fondlari — mahsulotning korxonadan chiqib to sotilishiga qadar muomala jarayonida band bo’lgan vositalar (sotuvga chiqariladigan tayyor mahsulot qiymati, kassadagi naqd pul mablag’lari va bankdagi hisobvaraqsa turgan mablag’lar). Aylanma fondlarning muomala fondlari bilan birikishi iqtisodiy jihatdan asosli bo’lib, mablag’larning muomala va ishlab chiqarish sohalarida taqsimlanishini nazorat etishga imkon beradi. Aylanma vositalar hosil bo’lish manbalariga ko’ra korxonaning o’z Aylanma vositalariga va qarzga olingan (jalb qilingan) Aylanma vositalarga bo’linadi. Korxonaning o’z Aylanma vositalari yillik moliya rejasiga muvofiq ishlab chiqarish zaxiralari, tugallanmagan ishlab chiqarish, tayyor mahsulot zaxiralari barpo etish uchun zarur bo’lgan minimal ehtiyojlar asosida belgilanadi. Korxona o’z Aylanma vositalarining rejasidagi summasi normativ deb ataladi. Katta daromad oladigan korxonalar katta miqdorda o’z Aylanma vositalar fondini barpo etadi. Qarzga olingan Aylanma vositalar mablag’larga bo’lgan vaqtinchalik ehtiyojlarni qondirishga mo’ljallanadi. Bankdan kredit olish va passivlarning ayrim turlari (kreditorlik qarzdorligi va boshqalar) dan foydalanish hisobiga hosil qilinadi. Aylanma vositalardan samarali foydalanganlikning muhim ko’rsatkichi — ularning aylanuvchanligi, ya’ni Aylanma vositalarning aylanish soni va bir aylanishning kun hisobidagi davridir. Aylanish soni mahsulotni sotishdan olingan yillik tushumni Aylanma vositalarning o’rtacha yillik qiymatiga bo’lish yo’li bilan topiladi. Aylanma vositalarning aylanuvchanligini tezlashtirish xalq xo’jaligida katta ahamiyatga ega. Chunki bu holda Aylanma vositalarga bo’lgan ehtiyoj kamayadi, pul va moddiy resurslardan samarali foydalaniladi. Ahmadjon O’lmasov.