AYLANT

AYLANT, sassiq daraxt (Ailanthus) — aylantdoshlar (Simarubdoshlar) oilasiga mansub daraxtlar turkumi, 10 tacha turi ma’lum. Sharqiy Osiyo va Hindistonda ko’proq tarqalgan. Ukraina, Qrim, Shimoliy Kavkaz, Belorussiya va O’rta Osiyoda novcha Aylant yoki Xitoy zaranggi (Aylant altissima) degan bir turi xushmanzara o’simlik sifatida o’stiriladi. Shu tur O’zbekistonda (umuman O’rta Osiyoda) ham o’stiriladi. Aylantning barglari yirik, patsimon murakkab, badbo’y. Gullari mayda, ikki jinsli (ba’zi turlarida bir jinsli), shingil to’pgullarga yig’ilgan Aylant tez o’sadi. Deyarli barcha turlari mebel tayyorlashda, qurilish materiali sifatida, buyumlar yasashda hamda qog’oz tayyorlashda ishlatiladi. Xitoyda Aylant bargi bilan aylant ipak qurti boqiladi.