AZIMULLAXON
AZIMULLAXON (? – 1859.7.10, Bxutval) — ingliz mustamlakachilariga qarshi Hindistonda 1857-59 yillarda ko’tarilgan xalq qo’zg’oloni rahbarlaridan biri. Kanpurdagi maktabda o’qituvchi. Qo’zg’olon boshlanmasdan biroz ilgari Bitxur shahriga ko’chib kelib, Nana Sohib bilan tanishgan. U bilan birga shimoliy Hindiston bo’ylab safar qilib xalqni ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashga da’vat etgan. 1857 yil may — iyulda Kanpurdagi qo’zg’olonga rahbarlik qilgan. Inglizlar Kanpurni egallagach (17 iyul) Nana Sohib bilan Audga chekingan.