AZIZOV
AZIZOV Otaqo’zi (1910.21.9, Qirg’iziston, O’sh viloyati) — tilshunos. O’zbekistonda (1970) va Qoraqalpog’istonda (1980) xizmat ko’rsatgan fan arbobi. Filologiya fanlari doktori (1961), professor (1965). Rossiya Federatsiyasi ta’lim akademiyasining chet el muxbir a’zosi (1968). O’rta Osiyo universitetini tugatgan (1932). Toshkent pedagogika institutida dotsent (1940-45), Toshkent qishloq xo’jaligi instituti (1945-48), Toshkent kechki pedagogika instituti (1948— 52), ToshDU (1952-85) da rus tili kafedrasi mudiri. Ilmiy ishlari o’zbek tilshunosligi, leksikografiyasi, rus va o’zbek tillarining qiyosiy o’rganish masalalariga bag’ishlangan. Azizov darsliklar, ruscha-o’zbekcha va boshqa lug’atlar tuzgan.
AZIZOV Turg’un Tursunovich (1934.30.11, Toshkent) — aktyor va rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1974). Toshkent davlat san’at institutini tugatgach (1956), Hamza teatrida aktyor. Asosiy rollari: Ferdinand («Makr va muhabbat»), Ilyos («Sarvqomat dilbarim»), Eydzi («O’g’irlangan umr»), Marktuysk («Oqpadar»), Niyoz («Noma’lum kishi»), Yo’lchi («Qutlug’ qon»), G’ofir («Boy ila xizmatchi»), Edmund («Qirol Lir»), Ulug’bek («Mirzo Ulug’bek»), Amir Nasrullo («Nodirabegim»), Otello («Otello») va boshqalar. Aktyorga katta shuhrat keltirgan roli «O’limdan kuchli» spektaklidagi Monserradir. Kinoda Amir Olimxon («Gang uzra tong»), Bakir («Maftuningman»), Amir Nasrullo (Nodirabegim»), Ota Maqsumov («Uzoq-yaqin yillar»), Mirzakarimboy («Parol — Regina mehmonxonasi»), Dadaboy («Qo’qon voqeasi», telefilm) kabi obrazlar yaratdi. Liriko-dramatik va romantik plandagi rollarni zo’r ehtiros va jo’shqinlik bilan ijro etadi, qahramonlar xarakterini ochishda til boyligidan ustalik bilan foydalanadi, oz harakatda ko’p ma’no anglatishga, qahramonining his-tuyg’ulari, ichki kechinmalarini tabiiy ifodalashga intiladi. Rejissyor sifatida «Mirzo Ulug’bek», «Alisher Navoiy», «Mehrobdan chayon», «Chimildiq», «Mashrab» (hammasi M. Abdullayeva bilan hamkorlikda) kabi spektakllarni sahnalashtirdi.
AZIZOV Yunus (1860-1924) – me’mor va ganchkor usta. Me’mor Boqievning shogirdi. Dastlab masjid, madrasa, hammomlarni qurishda qatnashgan. So’ngra Kattaqo’rg’ondagi Abdurahimboy madrasasi (1903), Jizzaxdagi madrasa, Samarqanddagi Xo’ja Yusuf masjidi va boshqa binolarni qurishga rahbarlik qilgan. Ganchkorlik sirlarini mukammal egallagan, 1921-24 yilalarda Tillakori madrasa va Minorai Kalonni ta’mirlashda qatnashgan.