AZIZOVA

AZIZOVA Mukarrama (1913.23.5— Namangan — 1964.23.5) — O’zbekiston xalq artisti (1955). Moskvada o’zbek drama studiyasida o’qigan (1927-28). 1928-31 va 1960-62 yillarda Andijon teatrida, 1931 yildan Namangan teatrida aktrisa va rejissyor. Dramatik va musiqali spektakllarda, asosan, liriko-dramatik rollarni ijro etgan. Eng yaxshi rollari: Shirin (Xurshid, «Farhod va Shirin»), Jamila (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Nurxon (K. Yashin, T. Jalilov, «Nurxon»), Gulsara (K. Yashin, «Gulsara»), Hafiza (A. Qahhor, «Shohi so’zana»), Sanobar (B. Rahmonov, «Yurak sirlari») va boshqalar. Rejissyor sifatida «Farhod va Shirin» (Xurshid, 1934, 1936), «Arshin mol olon» (U. Hojibekov, 1939) kabi asarlarni sahnalashtirgan. Azizova o’zbek, tojik, uyg’ur xalq qo’shiqlarini mohirona ijro etgan.

AZIZOVA San’at Sobirovna (1934.18.6, Toshkent) — farmakolog, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1992), tibbiyot fanlari Doktori (1968), professor (1974), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi O’simliklar kimyosi instituti farmakologiya laboratoriyasida ilmiy xodim (1958 — 72). Toshkent pediatriya tibbiyot instituti farmakologiya kafedrasi mudiri (1972 yildan). Asosiy ilmiy ishlari yurak glikozidlarining yurak kasalliklariga, xususan infarktga ta’sirini eksperimental o’rganishga oid. Azizova tibbiyot instituti talabalari uchun «Farmakologiya» darsligi muallifi.

AZIZOVA Shirin Mirxonovna (1940.10.1, G’ijduvon) — O’zbekiston xalq artisti (1988). Toshkent davlat san’at institutini tugatgan (1961). 1961 — 64 yillar Namangan teatrida, 1968-87 yillar Toshkentdagi Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida, 1987 yildan Hamza teatrida aktrisa. Azizova ijodiga lirik, dramatik rollar yaqin bo’lib, obrazlari hayotiyligi, sahna nutqining mukammalligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi rollari: Xolisxon, Sora, Maysara («Xolisxon», «Ishq qurbonlari», «Maysaraning ishi»), Rohila («Birinchi muhabbat»), Muhabbat («O’n sakkiz yoshligim»), Nozi («Bahs»), O’zbekoyim («O’tgan kunlar»), Tamara («Jar»), Qaynona («Chimildiq») va boshqalar. «O’zbekfilm» kinostudiyasi filmlarida suratga tushgan.