AZOT
AZOT (lotincha Nitrogenium), N — Mendeleev davriy sistemasining V guruhiga mansub kimyoviy element. Tartib raqami 7, at.m. 14,0067. Yer po’stining og’irlik jihatidan 0,01% ini tashkil etadi. Havoda erkin holda bo’ladi (havoning og’irlik jihatidan 75,6%; hajm jihatidan 78,9% Azotdan iborat). Tuproqda turli minerallar va organik birikmalar tarkibiga kirgan holda uchraydi; masalan, u natriyli selitra va kaliyli selitra (K.NO,) tarkibida bo’ladi, toshko’mirda 1 — 1,25%, neftda 1,5%, oqsil moddalarda 17%, odam tanasida 3% gacha bo’lishi mumkin. Azotni birinchi marta 1772 yilda Rezerford ajratib olgan. Ikkita barqaror izotopi bor: 14N (99,635%) va 1SN (0,365%); radioaktiv sun’iy izotoplari ham bor, bulardan eng uzoq, mavjud bo’ladigani 13N dir (yarim yemirilish davri 10,08 minut). Sanoatda suyultirilgan havoni parchalab olinadi. Azot — rangsiz, hidsiz gaz; qaynash temperaturasi – 195,8°, suyuklanish temeraturasi — 209,86°, 1l Azot 1,2506 gramm; 1 l suvda (0° da) 23,3 ml eriydi. Odatdagi sharoitda Azot nihoyatda passiv, faqat litiy bilan birikishi mumkin; boshqa elementlar bilan qizdirilganda, bosim ta’sirida va katalizatorlar ishtirokidagina birika oladi. Vodorod bilan birikib, ammiak, gidrazin va boshqa, kislorod bilan oksidlar, metallar bilan nitridlar hosil qiladi. Azot o’simliklar uchun asosiy «oziq»lardan biridir. Mineral va organik birikmalari tuproqqa yog’in-sochin bilan yoki o’g’it sifatida tushadi. Erkin Azot ammiak sintezida, ba’zi kimyoviy reaktsiyalarda inert muhit hosil qiluvchi sifatida, simobli termometrlardagi bo’shliqni to’ldirishda, yonuvchan suyuqliklarni bir idishdan ikkinchi idishga haydashda va boshqa maqsadlarda ishlatiladi. Suyuq Azot dan past temperatura bilan bog’liq bo’lgan ishlarda (kriostatlar, vakuum qurilmalar va boshqalarda) foydalaniladi. Azotning tabiiy birikmalari ammoniy xlorid va turli nitratlar (selitralar)dan iborat. O’rta Osiyoning quruq cho’l iqlimida ko’p miqdorda selitra to’planadi. Azot oqsillar, nuklein kislotalar, xlorofill va fermentlarning ajralmas tarkibiy qismi bo’lganligidan o’simliklar hayot faoliyatida asosiy ahamiyatga ega. O’simliklar tuproqdagi azotli moddalarni o’zlashtirib, ulardan oqsil hosil qiladi. Havodagi erkin Azotni Azot birikmalariga aylantiruvchi mikroorganizmlar tufayli tuproqda ancha miqdorda Azot to’planadi. U tuproqda asosan to’rt xil birikma holida: chirindi (gumus) azoti, ammoniy tuzlari, nitratlar (NO3), oqsil organik azoti (to’liq parchalanmagan o’simlik qoldiqlari) va ularning o’zgarish mahsulotlari — aminokislotalar, peptidlar, amidlar va aminlar holida mavjud bo’ladi. Azotni tuproqdagi organik birikmalarini eruvchanligi bo’yicha uch guruhga: suvda eriydigan, suyultirilgan kislota bilan gidrolizlanganda eritmaga o’tuvchi va suyultirilgan kislota bilan gidrolizlanganda erimaydigan guruhga bo’lish mumkin. Erimaydigan guruhga mansub bo’lgan Azot kam harakatchan va o’simliklarga yaxshi singmaydi. O’rta Osiyoning ayrim tuproqlari tarkibidagi umumiy Azotning taxminiy miqdori: och tusli bo’z tuproqlar (haydalma qatlam)da — 0,04—0,07%, ko’pdan beri sug’orilib kelinayotgan tipik bo’z tuproqlarda — 0,10—0,15% va to’qtusli o’tloq tuproqlarda — 0,20—0,50%. O’rta Osiyoning sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalarida yuqori hosil olish uchun tuproqda Azot zahirasi yetarli emas, shuning uchun bu yerlarda azotli o’g’itlar qo’llaniladi. O’simliklardagi Azotning ko’p qismi oqsil moddalari holida bo’ladi. Turli urug’lar oqsili tarkibidagi Azot miqdori 16,5—17,5% ni tashkil qiladi. G’o’za-beda almashlab ekishda beda yoqilgan har gektar yerda biologiya Azotga boy 20 temperaturagacha organik modda hosil bo’ladi; undagi biologiya Azot miqdori 400— 600 kilogramm/gektar. Azotdan o’g’itlar ishlab chiqarishda, ko’pchilik sanoat sohalari, jumladan, metallurgiyadagi turli kimyoviy jarayonlarda inert muhit sifatida foydalaniladi. Qudrat Axmerov.