AZOTLASH

AZOTLASH — kimyoviy-issiqlik ishlovi berish usullaridan biri. Azotlash po’lat, titan, ba’zi qotishmalardan tayyorlangan detallarning sirtqi qatlamini azotga to’yintirishdan iborat. Detalning azotga to’yintirilgan sirtqi qatlami juda qattiq, yeyilishga va zanglashga chidamli bo’lib qoladi. Yuqori temperaturalar ta’sirida bo’ladigan va ishqalanuvchi detallar, dvigatel klapanlari, tishli g’ildiraklar va boshqa detallarning ish sirti azotlanadi. Detallarga uzil-kesil issiqlik ishlovi berilib va silliqlanib, zarur o’lchamga keltirilganidan keyingina Azotlash amalga oshiriladi. Po’lat detallarning sirtqi qatlami ammiak oqimida 500-600° temperaturada azotlanadi. Buning uchun detal og’zi zich berkitiladigan mufel pechta joylanadi. Mufelga ammiak (NH3) yuboriladi, ammiak azot bilan vodorodga parchalanadi. Azot atomlari detalning sirtqi qatlamiga diffuziyalanadi. Azot temir bilan reaktsiyaga kirishib, qattiq nitridlar hosil qiladi, natijada detalning azotlangan sirtqi qatlami qattiq bo’lib qoladi. Titan qotishmalarni Azotlash 850-950° temperaturada o’ta toza azot muhitida amalga oshiriladi. Ad.: To’raxonov A. S, Metallshunoslik va termik ishlash, T., 1968.