AZOV
AZOV — Rossiya Federatsiyasining Rostov viloyatidagi shahar. Don daryosi bo’yidagi port. Azov Qora dengiz sohilidagi qadimiy shahar — Tanais o’rnida barpo qilingan. Don daryosi Azov dengizining Taganrog qo’ltig’iga qo’yiladigan joydan 7 kilometr berida. Aholisi 80,9 ming kishi (1992). Temir yo’l stantsiyasi mashinasozlik, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Politexnika va industriya-pedagogika texnikumlari, pedagogika bilim yurti, tarix-o’lkashunoslik muzeyi bor. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Azov o’rnidagi Meotidada meotlar yashagan. Milodiy 10-11-asrlarda Kiyev Rusining Tmutarakan knyazligi tarkibiga kirgan. Taxminan 1067 yil qipchoqlar tomonidan egallangan va Azov o’rnidagi qishloqqa Azuv (Azoq)xon nomini berganlar. 13-asrdan Oltin O’rdaga qarashli Azoq shahri bo’lgan, 14-asrda venetsiyalik va genuyaliklarning koloniyasi (tana) bo’lgan. 1395 yilda Amir Temur egallagan. 1471 yildan Turkiyaga qarashli qal’a. 1637-42 yillarda Azovni Don kazaklari egalladi. 1696 yilda Pyotr I qo’shinlari bosib oldi. 1711 yilda Azov Turkiyaga qaytarib berildi. Biroq 1739 yildan yana Rossiya tarkibiga o’tdi. 1775— 82 yillarda Azov gubernyasi markazi, 1810 yildan Yekaterinoslav gubernyasi posadi. 1920 yil 1 martdan shahar.