BALETMEYSTER

BALETMEYSTER (nemischa Ballettmeister — balet ustasi) — balet spektakllari, xoreografik chiqishlar, opera, operetta, dramatic spektakllardagi raqs sahnalarining muallifi va sahnalashtiruvchisi. O’rta Osiyo, Qozog’iston va Ozarbayjonda milliy musiqali drama spektakllari uchun raqslarni sahnaga qo’yuvchilar ham Baletmeyster deyiladi. B. baletda butun spektaklning xoreografik shaklini libretto asosida, musiqa ritmi va ohanglariga mos qilib ishlab chiqadi va raqqos(a)larga o’rgatadi. Baletmeyster baletda bosh ijodkor bo’lsa, boshqa janrlarda yordamchidir. O’zbekistonda Q. Mirkarimova, G. Izmaylova, B. Qoriyeva, K. Mo’minov, Yu. Ismatova, V. Oqilova, M. Ergashevalar yetakchi Baletmeysterlardir.