Barabanni kim ixtiro qilgan?

Qandaydir bitta yoki bir necha nafar ixtirochilar tomonidan ishlab chiqilgan boshqa musiqa asboblaridan farqli o’laroq baraban ibtidoiy zamonlardan beri mavjuddir. Eng qadimiy xalqlar, ulardan ko’pchiligi allaqachonlar yer yuzidan butkul yo’q bo’lib ketishgan, butun jahonda turli-tuman barabanlardan foydalanishgan. Aftidan, ilk barabanlardan qandaydir qabilaning vakillarini bir joyga yig’ish maqsadida foydalana boshlashgan. Bu, harbiy signalga o’xshash bir narsa edi. Allaqancha zamonlardan keyin baraban ibtidoiy odamlar «yovuz ruhlar» bilan kurashishda foydalangan musiqaning tarkibiy qismiga aylanadi. Baraban sadosi bu odamlar nazdida diniy ahamiyatga ega bo’lgan. Aksariyat marosimlar raqslarsiz kechmagan, baraban esa a’lo darajadagi jo’rlikni ta’minlar edi. Ibtidoiy odamlar turli-tuman materiallardan yasalgan barabanlardan foydalanishgan. Bunday cholg’u asboblaridan ba’zilari ustiga hayvon terisi tortib qoplangan kovak daraxt poyasidan iborat bo’lgan. Bambuk barabanlar qirqilgan bambuk kovak poyasining uzun bo’laklaridan tayyorlangan edi va unga tayoqcha bilan qoqishardi. Ayrim odamlar esa barabanni eslatadigan tovushni izlab topish maqsadida yerga yotvolib o’z tanalariga, deylik, qorin yoki ko’kraklariga zarba qoqishgan! Qadimgi misrliklar barabanlardan keng foydalanishgandi. Misrning odatdagi barabani unchalik katta bo’lmagan, uni qo’lda bemalol ko’tarib yurishgan. Qadimgi yahudiylarning childirmaning aylamasiga o’xshash barabani bo’lib, unga qo’l yoki tayoqcha yordamida qoqishgan. Xitoylikliklar va yaponiyaliklar ham barabandan qadim-qadim zamonlardan beri foydalanib kelishadi. Amerikalik hindular barabanlardan nainki signallar yetkazish, raqslarga musika jo’rligi maqsadlarida, balki dohiyona bir yo’sinda ob-havoni oldindan aytib berish uchun ham foydalanishgan! Yomg’irli kunlar yaqinlashgan kezlarda barabanga qoplangan charm kulmoqchi bo’layotgan kampirning kulguchiday taranglashib boravergan.