BICHISH MASHINASI
BICHISH MASHINASI — tikuvchilik korxonalarida gazlama bichish uchun mo’ljallangan qurilma. Kiyimlarni yakka tartibda tikish korxonalari (atelelar)da gazlama bir qavatli qilib bichiladi. Yirik tikuvchilik korxonalarida esa to’shama (ya’ni bir necha qavat, masalan, 40-160 millimetr balandlikdagi to’shama) holida bichiladi. Gazlama to’shamalari qo’lda suriladigan Bichish mashinasi yordamida qirqiladi. U asosan elektr dvigatel, krivoshipshatunli mexanizm, pichoq va dvigatelni ko’tarib turuvchi ustundan iborat. Bichiqchilar to’shamaning eng yuqorisidagi gazlama sirtiga andaza (lekalo) yordamida bo’r bilan bichiq qiyofasini chizib olishadi. Bichish mashinasi pichog’i shu chiziqlar bo’ylab yuritilib, gazlama qirqib chiqiladi. Bichish mashinasining bir necha xili va rusumi mavjud. Ad.: Isaev V. V., Tikuvchilik korxonalarining jixozlari, T., 1986.