BIOLOGIK PROGRESS

BIOLOGIK PROGRESS — muayyan guruhga mansub organizmlarning yashash uchun kurashdagi muvaffaqiyati. Biologik progress muayyan taksonga mansub organizmlar sonining ortishi, uning areali kengayishi, takson individlarining bir-biridan farq qiladigan yangi kichik sistematik guruhlarga bo’linib ketishi bilan belgilanadi. Biologik progressga olib boradigan yo’llar (omillar)ni A. N. Seversov aniqlab bergan. Birinchisi—morfofiziologik progress, ya’ni aromorfozdir. Aromorfoz natijasida hayvon organizmining tuzilishi va organlari funktsiyalari murakkablashadi, voyaga yetgan avlodlarning umumiy hayot faoliyati ajdodlar xayot faoliyatiga nisbatan yuqori darajaga ko’tariladi. Ikkinchisi — idioadaptatsiya, ya’ni muayyan cheklangan muhit sharoitiga moslanishdan iborat bo’lib, voyaga yetgan avlodlarning hayot faoliyati va tuzilishi ajdodlarga nisbatan yuqoriga ko’tarilmaydi, lekin tur individlari yashash sharoitlariga yaxshi moslashgan bo’ladi. Uchinchisi — tsenogenezlar, ya’ni hayvonlarning embrion va lichinka davridamoslanishi,bundaytsenogenezlar natijasida voyaga yetgan avlodlarning tuzilishi va hayot faoliyatida o’zgarish bo’lmaydi, lekin kelgusi bo’g’inlarda organizmlar soni oshadi. To’rtinchisi— umumiy degenerasiya, ya’ni voyaga yetgan avlodlarning tuzilishi soddalashuvi orqali sodir bo’ladigan moslashuvdan iborat.