BIOLOGIK SUZGICH

BIOLOGIK SUZGICH, biologik filtr—oqindi suvlar (masalan, korxonalardan chiqadigan iflos suvlar)ni biologik jihatdan (mikroorganizmlar vositasida) tozalash uchun mo’ljallangan inshoot: ichiga yirik suzuvchi (filtrlovchi) material (shlak, shagal, keramzit va boshqalar) to’ldirilgan qo’sh tubli idish. Oqindi suv suzuvchi material orqali o’tib, uning sirtida suv tarkibidagi organik moddalarni yemiruvchi mikroorganizmlardan iborat parda hosil qiladi. Oqindi suvlardagi mexanik zarralar (tosh, qum, metall parchalari) idish tubiga cho’kib qolaveradi.