BIOSINTEZ

BIOSINTEZ (bio… va sintez) — tirik organizmda yoki undan tashqarida biokatalizatorlar (fermentlar) ta’sirida birmuncha oddiy birikmalardan organik moddalar hosil bo’lishi. Biosintez — o’simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlarda sodir bo’ladigan moddalar almashinuvining tarkibiy qismidir. Xemosintezlovchi bakteriyalardan tashqari hamma organizmlarda Biosintez uchun birlamchi energiya manbai yashil o’simliklarda organik moddalar shaklida to’planadigan quyosh energiyasi hisoblanadi. Har qanday hujayra o’ziga zarur bo’ladigan moddalarni sintezlaydi. Hujayrada boradigan Biosintezning xususiyatini uning genetik apparatida kodlashgan irsiy axborot belgilaydi. Organizmdan tashqarida boradigan Biosintezdan xalq xo’jaligining turli sohalarvda keng qo’llaniladigan biologik moddalar—vitaminlar, ayrim gormonlar, antibiotiklar, aminokislotalar, oqsillar va boshqa birikmalarni sanoat miqyosida olishda foydalaniladi.