BIOSTRATIGRAFIYA

BIOSTRATIGRAFIYA (bio… va stratigrafiyalan) — stratigrafiyaning bo’limi, cho’kindi qatlamlar nisbiy yoshini va turli hududlarda bir xil yoshdagi qatlamlar nisbatini aniqlash maqsadida cho’kindi qatlamlardagi qazilma organizmlar qoldiqlarining taqsimlanishini o’rganadi. Biostratigrafiyaning vazifasi qatlamlarning nisbiy yoshi shkalasini ishlab chiqishdan iborat. Biostratigrafik zonalarning ketma-ketligi geologik kesimda turli sistematik rangga yoki ularning majmuiga tegishli o’lib bitgan qazilma organizmlar qoldiqlarini almashinishini aks ettiradi. Zonalarni, birinchi navbatda biozonalarni ajratishda nisbatan qisqa davrda yashab o’tgan, ammo keng tarqalgan, zich yashagan va turli xil bo’lgan guruhlar (masalan, nummulentlar, dinozavrlar va boshqalar) ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Zonalar ko’pincha ba’zi o’lib bitgan organizmlar (masalan, marjonlar) guruhining evolyutsiyasi bosqichlari bilan asoslanadi. Biostratigrafiya uchun qadimgi zarrabin organizmlarni o’rganish (mikropaleontologiya) muhimdir. Plankton organizmlar qoldiqlari oqimlar bilan uzoq masofalarga tarqalishi natijasida zonalar hududi ham shunga muvofiq bo’ladi. Biostratigrafiya qadimgi organizmlar yashash sharoitlarini tiklash maqsadida bir davrda, lekin turli sharoitlarda yashagan organizmlar majmuini o’xshash sharoitlarda, lekin turli davrda yashagan organizmlar majmuidan farqlash uchun paleontologiya metodlarini keng qo’llaydi.