BO’LINMAS FOND

BO’LINMAS FOND — jamoa xo’jaliklarining bo’linmas fondi — jamoa xo’jaliklari, shirkat xo’jaliklarining a’zolari o’rtasida taqsimlanmaydigan jamg’armalar. Bo’linmas fond tarkibi asosiy ishlab chiqarish va noishlab chiqarish vositalari (binolar, inshootlar, turli texnika va mexanizmlar, transport vositalari, boquvdagi va mahsuldor mollar, ko’p yillik daraxtlar, mevali bog’lar, kollektordrenaj tarmoklari, gidrotexnika inshootlari, yo’llar va ijtimoiy soha ob’yektlari, uzoq muddatli qo’yilmalar, tugallanmagan qurilishlar va boshqalar) va aylanma vositalar (turli xil xom ashyolar, tayyor mahsulotlar, urug’lik, yem xashak va boshqa chorva ozuqa mahsulotlari, yoqilg’i materiallari, o’g’it va kimyoviy preparatlar, ehtiyot qismlar, hisob raqamidagi pul mablag’lari va boshqalar) dan tashkil topadi. Bo’linmas fond xo’jalik sof foydasidan ajratmalar hisobiga ko’paytiriladi va u kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni amalga oshirish, umumxo’jalik va ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarni bajarishga sarflanadi. Bo’linmas fond ob’yektlari va boshqa manbalari har yili xatlanadi hamda uning kelgusi hisobot yilidagi miqdori xo’jalik umumiy yig’ilishida tasdiqlab beriladi. Tarixan Bo’linmas fondlar O’zbekistonda jamoa xo’jaliklari tuzish davrida vujudga keldi. 1926 yil iyunda qishloq xo’jalik jamoalari sobiq Butunittifoq kengashida jamoa xo’jaliklari Bo’linmas fondni yaratish haqida qaror qabul qilinib, u 1927 yil martdagi «Jamoa xo’jaliklari to’g’risida»gi Qonuni bilan amaliyotga joriy etildi. Bo’linmas fond jamoa xo’jaliklarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Biroq ularning keyingi rivojlanish bosqichlarida sobiq Ittifoq iqtisodiy tizimida yo’l qo’yilgan xatokamchiliklar (masalan, davlat xo’jaliklarining rolini sun’iy ravishda oshirilishi va jamoa xo’jaliklariga e’tiborning susayishi) tufayli Bo’linmas fond, shu bilan birga xo’jalikni tashkil etish jarayonida a’zolarning qo’shgan pay badallari ham davlat mulkiga aylantirildi. Natijada Bo’linmas fondlar barham topdi. O’zbekiston mustaqillikni qo’lga kiritgach, qishloq xo’jalik korxonalarida kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni kafolatlash manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 11-sessiyasida (1998 yil aprel) tasdiqlangan «Qishloq xo’jaligi shirkati to’g’risida»gi qonun asosida Bo’linmas fond qaytadan tiklanib, amaliyotga joriy etildi. Bo’linmas fondni tashkil etish va undan foydalanish tartib qoidalari «Qishloq xo’jaligi shirkatining Ustavi» va «Qishloq xo’jaligi shirkatining bo’linmas fondini shakllantirish va undan foydalanish to’g’risida Nizom»ga (1998) asosan amalga oshiriladi. Bu hujjatlarga ko’ra, shirkatning umumiy mulki, ya’ni Ustav kapitali pay jamgarmasi va Bo’linmas fonddan tashkil topadi (Bo’linmas fond miqdori Ustav kapitalining 40% dan kam bo’lmasligi kerak) va shirkat a’zolari ularga nisbatan mustaqil tasarruf etish, egalik qilish, foydalanish kabi huquqlarni amalga oshiradilar. Shirkat qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan hollarda Bo’linmas fond tarkibidagi ijtimoiy infratuzilma (maorif, madaniyat va boshqa sohalar ob’yektlari) qayta taqsimlanmay, balki umumiy yig’ilish yokimaxsus (tugatish) komissiya qarori bilan tegishli muassasa yoki mahalliy davlat organlari tasarrufiga beriladi. Bo’linmas fond yaratish va undan foydalanish mexanizmi qishloq xo’jaligida ishlab chiqarishni hamda mulkiy munosabatlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Qurbon Choriyev.