BUG’LATISH

BUG’LATISH (kimyoda) — eritmalarni qaynatib quyultirish. Bug’latishda erituvchining bir qismi bug’lanib chiqadi. Erituvchining qolgan qismi ham bug’latilsa, kristallanish yuz beradi, bunda erigan qattiq moddalar ajraladi. Eritmalarning qaynash temperaturasi doimo erituvchilar qaynash temperaturasidan yuqori bo’ladi; bu ayirma temperatura depressiyasi deb ataladi, erigan modda kontsentrasiyasi hamda bosim ortishi bilan bu ayirma oshib boradi. Eritmalar har xil qurilmalarda bug’latiladi. Rasmda eng ko’p tarqalgan bug’latish qurilmasining chizmasi keltirilgan. Bug’latiladigan eritma isitish kamerasining tepasidan quyiladi. Kamera suv bug’i (birlamchi bug’) bilan isitiladi. Eritma ustidagi bug’ bosimi qurilmaning ish hajmidagi bosimga teng bo’lgandagina erituvchi bug’lanadi. Eritma kamera naylari ichida qaynab, isitish kamerasining yuqori qismiga ko’tariladi, ikkilamchi bug’ (erituvchining bug’i) dan ajralgach, Markaziy tsirkulyasiya nayiga tushadi. Quyultirilgan eritma qurilmaning pastki qismidan, ikkilamchi bug’ esa qurilmaning yuqorigi qismidan chiqadi. Bug’latish eritmalarni quyultirish va eritmalarda erigan moddalarni ajratib olishdan tashqari, toza erituvchilar olishda, sovuq hosil qilish va boshqalarda ham qo’llaniladi. Bug’latishdan kimyo, oziq-ovqat sanoatida va boshqalarda keng foydalaniladi.