Buxoro, Samarqand va ko’hna Urganchdagi janglar

Chingizxon o’g’illari Tuluy, Jeba iuyen va Subutoy bilan birgalikda Qizilqum cho’llari bo’ylab harbiy yurishni davom ettirdilar. Ular Zarnuq va Nuri Buxoro singari kichik shaharlarni egallab bir necha yuz yoshlarni asirlikka oldilar. Shundan keyin bosqinchi galalar 1220 yil 7 fevralda Buxoro shahrining ostonasiga joylashib urushni boshlab yubordilar. Bu vaqtlarda Buxoro har jihatdan obod va ricojlangan shahar sifatida shuhrat qozonib, “Islom qubbasi” degan yuksak bahoga sazovor bo’lgan edi. Buxoroliklar mustaqillik va ozodlikni saqlash uchun jon-jahdlari bilan jang qildilar. Vatan himoyachilari Ixtiyoriddin Kushnu, Inanchxon O’g’il Xojib, Hamid Pura, Suyunchxon va Gurxon singari lashkarboshilar rahbarlarida shaharni qattiq turib himoya qilganlar. Har ikki tomondan ko’p kishilar o’ldirildi. Kechqurun Ko’kxon, Hamid va Sevinchxon qo’mondonligi ostida uch ming kishilik askarlar shahardan chiqib dushmanlar bilan to’qnashdi. Qattiq janglardan keyin dushman g’alaba qilib shaharga bostirib kirdi. Shaharning nufuzli kishilari to’planishib taslim bo’lishlikka rozilik bildirdilar. Chunki ko’p askarlar va oddiy kishilar qirilib, urushni davom ettirishning iloji qolmadi. Mo’g’ullar shahar aholisini do’pposlab va ayollarni zo’rlab, quloq eshitmagan azob-uqubatlarni namoyish etdilar. Ular masjid va xonadonlarni talab va Qurg’oni karimni otlarining oyog’i ostiga tashlab talon-tarojni uchchiga chiqardilar. Bunga chiday olmagan din peshvolari Rukiaddin Imomzoda va o’g’li, qozi Sadriddinxon va Sadr Majiddin mo’g’ullar bilan jang qilib halok bo’ldilar. Chingizxonning shaxsan o’zi shaharning boyliklarini talash va uni vayronaga aylantirish haqida ko’rsatma berib turdi. U buyruq berdi: “Shaharda nimaiki zohirda turgan bo’lsa, keltirishning hojati yo’q. Maxfiy saqlanayotgan narsalarni bizga topshirishlaringiz zarur”. Bunga javoban, – deb yozadi Mirzo Ulug’bek, boylar va amaldorlar ittifoq bo’lishib, o’z boshlarini oltin evaziga sotib oldilar.

Buxoroning barcha davlatmand kishilar totor (mo’g’ullar) sipohi dastidan ombordagi moli, xarvor-xarvor tillalarini berib, Chingizxondan o’z boshlarini sotib oldilar. Xorazmshoh sipohidan basharti o’z uylarida o’tirmay, shahardan tashqari chiqqanlari bo’lsa, qahrdan boshqa narsani topmadilar… Qazoyu qadar amri bilan totorlar Buxoroda ajab qotilliklar qildilar… Xoqon (Chingizxon) ning g’azabi qaynadi. Shoh qahridan otash chiqardi. Shahar aholisi undan yonib ado bo’ldi. Bir kunda ho’lu quruq yonib bitdi: na jonsiz narsa qoldi, na jonli. Shaharda birorta ham sipoh qolmadi. Ularni o’rnida faqat qora tutun burqsirdi.

Shahar batamom yonib bo’lgandan so’ng, atrof-tevarakda yashaydiganlarni to’olab, qal’a poyiga haydab keldilar, qal’a handaqining to’ldirilmagan joylarini ko’mdilar. Tez kunda qal’ani ham qo’lga kiritib, o’t qo’ydilar. Uning hokimi Kuyukxonni, o’sha qal’adagilar bilan birga siyosatga yetkazdilar. Hisorni yer bilan yakson qildilar.

Shahru boru, darvozadan qolmadi nishon. Bundayin dardga kim topar darmon. Shahar aholisi suyagigacha shahardan tashqariga chiqarildi. Baquvvat erkaklar asirlikka olindi, ayollar mo’g’ullarning askarlari o’rtasida bo’lindi. Askarlar va shaharliklar dushman bostirib kirganidan keyin qal’aga kirishib kurashni davom ettirgan edilar. Ular ham tor-mor etilib, bitta qoldirmay o’ldirildi.

Xullas, Buxoro bosqinchilar tomonidan misli ko’rilmagan darajada vayron etildi.

“Bu shahar, – deb yozadi Ibn Battuta, – bir vaqtlar Jayhunning sohilidagi shaharlarning eng ulug’i edi. La’nati Mo’g’ul Tengiz (Chingiz)… uni shu qadar xarob qilganki, masjidu madrasalar, bozorlar deyarlik bari vayrona bo’lib yotibdi. Hozir ular orasida bilim – fandan xabardor yo unga qiziquvchi biron kimsa yo’q”.

Mazkur ma’lumotlar XIV asrning birinchi yarmida Buxoroda shaxsan bo’lgan Ibn Battutaning qalamiga mansubdir. Unga ko’ra Buxoro mo’g’ullar tomoidan shu darajada qattiq vayron etilganki, 100 yildan ortiq vaqt o’tgan bo’lsada hamon o’ziga kelmagan. Vaholanki, Buxoro mo’g’ullarning bosqinidan oldin kishi havasini keltiradigan obod shahar hisoblangan. Bu xususda alloma Yoqut al-Xamaviy shunday yozgan: “Shubhasizki, bu juda qadimiy shahar, unda bog’lar, sarxil mevalar ko’p. Men borganimda Buxoro mevalari o’n sakkiz kun yo’l bosib Marvga, o’n besh kun yo’l yurib Xorazmga ham eltib sotilar edi”. “Kitob as-suvar” asarining muallifi yuzadi: Movarounnahr yerlarining go’zalligiga kelsak, (aytish kerakki) men islom mamlakatlarining birortasida Buxorodan ko’rkamroq shaharni ko’rgan emasman. Uning arkiga chiqsang, atrofida zangori osmon tutash ko’m-ko’k masofalarni ko’rasan… Movarounnahr va Xuroson yurtlarida o’z yerlarini buoroliklarchalik yaxshi parvarish qiladigan aholi yo’qdir… Buxoro tekis yerlarga joylashgan shahar, bino sinchlari yog’ochdan. Hamma turar joylar, qo’rg’onlar, bog’lar, rastalar, tosh yo’llar hamda behisob tutash mahallalar, 12 farsax uzunlikdagi devor bilan o’rab olinganki, bu devor barcha o’sha qo’rg’on, uy-joy ham aholi yashaydigan joylarni shahar markazi bilan biriktirib turadi. Bo’sh qolgan taqir joy yoki biron vayronani ko’rmaysiz. Haligi devordan tashqari… Unga tutash solingan, qishin-yozin aholi yashaydigan shahar uy-joylari, saroy, do’kon va bog’larini qurshab turuvchi boshqa devor ham bor… Butun Movarounnahrda Buxorochalik zich va gavjum shahar yo’q.

Ammo mo’g’ullar Buxoroni “kultepa”ga aylantirgan edilar.

Chingizxon Buxorodan olingan bir necha ming asirlarni qo’shinning oldiga solib Samarqand tomon yo’naldi. Bu shahar ham sharqning eng so’lim va obod maskanlaridan biri bo’lgan. Bu yerda Sulton Muhammadning 110 ming askari shaylanib turgan edi. Bundan tashqari aholining talay qismi mudofaaga jalb etilgan. Qo’shin tepasida Tog’ayxon, Ali Erxon, Shayxxon, Bolaxon va boshqa lashkarboshilar turgan. Dushman qamalidagi shaharda xoh askar, xoh oddiy kishilar bo’lsin baribir barchani fikri-zikri mustaqillik va ozodlikni saqlashga qaratilgan. Bunga erishishga yetarli imkoniyat va harbiy kuchlar mavjud edi. Ammo ularni bilimdonlik bilan boshqaradigan rahbar topilmadi. Avvalambor lashkarboshilar harbiy taktika va strategiya sohasida xatoga yo’l qo’ydilar. Zero, Chingizxon o’z qo’shinining oz qismini hujumga tashladi, katta qismini pistirmga qo’ydi. Lashkarboshilar dushman kuchlarining sonini oz deb hisoblab katta qo’shin bilan darvoza tashqarisiga chiqishib jangni boshladilar. Shu onda pistirmadagi mo’g’ullar ularni qurshab qirib tashlaganlar. Bu fojeali mag’lubiyat shahar aholisini ancha vahimaga solib qo’ydi. Bir guruh nufuzli kishilar go’yo xalqni ommaviy qirilishidan qutqazishni o’ylab tashlim bo’lish haqidagi taklif bilan Chingizxonga murojaat qiladilar. Bu taklif qabul qilinib bosqinchilar shaharni xarob qilib, barcha xaloyiqni – eru ayolni… shahardan sahroga haydab chiqardilar. Odamlar g’orat bo’lgan lashkar shaharni g’orat va talash bilan shug’ullandilar. Burchak va mag’oratlardan kimni topsalar qatl etdilar…

Qorong’u tushganda mo’g’ul lashkari shahardan chiqdi. Qal’a ahli vahmda, shikasta dil, na boshini ko’taradi, na yerga qaraydi. Ertasi tong otishi bilan Olashjon – Sulton Muhammad Xorazmshoh sardorlaridan biri jasorat ko’rguzib, jonidan umid uzib, ming yigiti bilan mo’g’ul lashkari miyonasiga zarba berib, badar ketdi. Keyingi kuni mo’g’ul lashkari Samarqand xisoriga qarab yo’naldi. Devori, borularini vayron qilib, salovotlar oralig’ida darvozani qo’lga kiritdilar. Shaharga kirdilar… 20 mingdan ortiq Sulton Muhammad Xorazmshoh sardorlaridan bo’lgan amirni, u yerda turgan barcha lashkari bilan qatl etdilar. Samarqand ahlidan o’ttiz ming erkakni ajratib olib, o’z farzandlari va qarindoshlariga bo’lib berdi.

Ko’rinib turibdiki mo’g’ul askarlari shahar birinchi marotaba kirganlarida qal’ada Sulton Muhammad askarlari mudofaada turganlar. Mo’g’ullar kechasi ularning hujum qilishidan cho’chib shahardan chiqib ketishga majbur bo’lganlar. Ertasiga erta tongda shaharga qaytadan kirishib qal’adagi askarlarga hujumni uyushtirgan. Bu jangda vatan himoyachilari, xususan 20 ming kishi tamomila qirilguncha jangni davom ettirgan. Mo’g’ullar yana bir bor Samarqandni vayronaga aylantirib va xalqning boyliklarini talab, o’z hukmronligini o’rnatadi. Bu dahshatli voqea 1220 yil 17 martda sodir bo’lgan edi. Bundan oldin Samarqandda 100 ming oila yashagan, urushdan keyin esa uning to’rtdan bir qismi qolgan edi, xolos. Vayronaga aylantirilgan shaharda kahatchilik va ochlik hukm surgan. Shubhasiz bu holatdan ham ko’p odamlarning yostig’i qurigan. Mana shunday nihoyatda dahshatli va fojeali sharoit yuzaga kelib vatan himoyachilari katta talafot ko’rayotgan kezlarda Sulton Muhammad vahimaga tushib allaqachon Turkiston zaminini tashlab qochadi. Vaholanki shaxsan uning o’zi dushmanga qarshi kurashlarni tepasida bosh-qosh bo’lib turishi shart edi. U mo’g’ullar tomonidan Buxoroni bosib olganligini eshitib, ko’p miqdordagi oltin va boshqa qimmatli xazina mollarini olib yo’lga chiqadi. Ammo bu mollar Amudaryodan o’tilayotganda suvga g’arq bo’ladi. Chingizxon Sulton Muhammadni tutish maqsadida Jeba va Subutoy boshchiligida 20 ming askarni orasidan jo’natdi. Buni eshitgan Sulton Muhammad Nishopurga, so’ngra Bisom degan joyga ketadi. Bu yerdan yo’lni davom ettirib pirovardida Kaspiy dengizidagi Ashur oroliga o’rnashadi. Bu yerda u qattiq kasalga chalinib, 1220 yil dekabrda olamdan o’tdi. U jon berish oldidan o’g’li Jaloliddinni taxtga merosxo’r deb e’lon qildi. Sulton Muhammadning qochishidan keyin Xorazmshohlar davlatini alg’ov-dalg’ov qilib turgan Sulton Muhammadning onasi Turkon xotun 1220 yil martda 22 kishidan iborat Sulton Muhammadning xotinlari va yosh bolalarini, xazina boyliklarini olib Xorazmni tark etadi. U o’zi bilan birga ketayotgan katta-kichik qarindoshlarining barchasini o’ldirtirib murdasini Amudaryoga cho’ktiradi. Aftidan ular dushman qo’liga tushmasliklari uchun qatl etilgan bo’lsa kerak. Turkon xotun yo’l yurib Mozandarondagi Ilal qal’asiga joylashdi. Bu yerda mo’g’ullar tomonidan asirlikka olinib Mo’g’uliyaga Chingizxon huzuriga yuborildi. Bu yerda 1233 yilda Chingizxon dasturxonidan ortgan ovqatlardan oziqlanib xor-zorlikda vafot etdi.

Shunday qilib Sulton Muhammad va onasi Turkon xotun birgalikda yaqindagina sharq dunyosini larzaga solib turgan Xorazmshohlar davlatini o’zlarining nodonligi orqasidan dushman oyog’i tagiga tashlab berdilar. Ularning kasriga yuz minglab odamlarning qoni to’kilib, shahar xarobaga aylantirildi. Bu borada Ko’hna Urganch shahri ham chetda qolmadi. O’z holicha tashlangan Xorazmda tartibsizlik va o’zboshimchalik hukm surib hokimiyatni boshqaradigan yetuk odam topilmadi. Shu orada Jaloliddin ukalari O’zlig’shoh va Oqshohlar bilan birgalikda otasini dafn etishgandan keyin Xorazmga kelishadi. Turkon xotunning qarindoshlari – amirlar Jaloliddinni taxtga merosxo’rligini tan olmay Turkon xotunning ukasi Xumor teginni Sulton deb e’lon qildilar hamda Jaloliddinga qarshi suiqasd uyushtirishga kirishdilar. Shu bois Jaloliddin va Temur Malik birgalikda 300 askar bilan poytaxtni tark etishga majbur bo’ladi. Ularning orqasidan yo’lga chiqqan Jaloliddinning yuqorida ko’rsatilgan ukalari mo’g’ullar tomonidan o’ldiriladi. Chingizxonning o’g’illari – Ugaday, Chig’atoy boshchiligidagi askarlar Ko’hna Urganchni bosib olish harakatini qizitib yuboradilar. Qattiq janglarda ko’p odamlar halok etilgandan keyin mo’g’ullar shahar ichiga bostirib kirishga erishdilar. Dushmanning shaharni yetti oy mobaynida qamalda ushlab turishi orqasidan aholining hayoti juda og’irlashgan edi. Shunga qaramay xalq ommasi yoppasiga bosqinchilarga qarshi jangni davom ettiraberdi. Abulg’ozining asarida ko’rsatilishicha mo’g’ullarning bir guruhi shahar darvozasining oldida turganda 100 ming kishilik vatan himoyachilari u yerdan chiqib, ular ketidan quvgan. Poytaxtdan bir chaqirim naridagi bog’da ko’p sonli dushman askarlariga duch kelishib, shunday qattiq jang bo’lganki, 100 ming kishidan besh-o’n kishi tirik qolib shaharga qochib kelgan. Bu yerda xuddi Samarqanddagi voqea yuz bergan. U yerdan ham mo’g’ul lashkarboshilar oz sonli askarlarini devor yoniga yaqinlashtirib va bu bilan raqiblarini jangga da’vat etib pistirmadagi ko’p sonli askarlarining hujumiga mubtalo etilgan edilar. Aftidan dushman tomonidan 100 ming kishilik vatan himoyachilarini o’ldirilishi shahar aholisini qattiq vahimaga solgan, albatta. Ammo, ular qanday bo’lmasin ona-yurtini muhofaza qilisga jonlarini ayamadilar. “Mo’g’ullar, – deydi Abulg’ozi. – Urganchga elchi yubordilar. Aytdilarki, bizga tobe’ bo’lib el bo’lsangiz, o’zingiz omon bo’lib, o’g’lon va ushoqingiz o’lja va asir bo’lmas. Urganch xalqi ani qabul qilmadilar va itoatga bo’yun egmadilar. Andin so’ng yetti oy kunda Xorazm lashkari ertadan oqshomgacha urushur erdilar. Mo’g’ullar Urganch atrofinda manjaniqg’a (tosh otadigan dastgohga) tosh topmay tutning kundalarini kesib manjaniqg’a solib otor edilar. Ul vaqtda mo’g’ullar xohladilarkim Jayhunni bog’lagaylar, to Urganchga suv bormag’ay. Jayhunni bog’lamoq uchun uch ming mo’g’ul bog’lar yerga keldilar. Ul ishdin Urgach xalqi xabardor bo’lib, kelib uch ming mo’g’ulni o’rtaga olib andog’ urushdilarkim, u uch ming mo’g’uldan bir kishi qutulmadi va hech vajh birlan mo’g’ullar Urganchdan ola bilmadilar.

… (Mo’g’ullar) lashkarni xorazmiylarga ro’baro’ qilib qattiq urushdilar. Ahirul (mo’g’ullar) Urganchni olib mahalla-mahallaga o’t qo’yub tamom xalqni sahroga chiqardilar. Toki yuz ming evlik kishini ahli hunar turur deb oldilar. Juvon-xatun va yosh o’g’lonlarni taki banda qilmaklik uchun oldilar. Andin o’zga xalqni lashkariga xizmat qildi. Har bir kishi (mo’g’ul) Urganchni olib mahalla-mahallaga o’t qo’yub tamom xalqni sahroga chiqardilar. Toki yuz ming evlik kishini ahli hunar turur deb oldilar. Juvon-xatun va yosh o’g’lonlarni taki banda qilmaklik uchun oldilar. Andin o’zga xalqni lashkariga xizmat qildi. Har bir kishi (mo’g’ul)ga yigirma to’rt kishi tegdi va hukm qildilarkim, o’ldiringlar. Mo’g’ullar o’ldirdilar”.

Demak, mo’g’ullar o’n minglab kishilarni janglarda o’ldirish bilan bir qatorda minglab hunarmand va boshqa kasb egalarini xizmatlaridan foydalanish maqsadida asirlikka olganlar. Ayollarni zo’rlab va o’zaro taqsimlab vahshiylarcha munosabatda bo’lganlar. Har bir mo’g’ul askariga o’ldirish sharti bilan vatan himoyachilaridan 24 kishi birkitilgan. Bularning hammasi o’ldirildi. Urganch uchun kurashlarda o’zbek xotin-qizlari jasorat va mardlikni ko’rsatdilar. Bu xususda taniqli olim Ziyo Buniyodov shunday yozadi: “Mo’g’ullar Kabilon darvozasi orqali Gurganjning tashqi devorining ichiga kirdilar. Lekin ular askarlardan tashqari shahar aholisi – erkaklar va xotinlar tomonidan tashkil qilingan shunday qarshilikka duch keldilarki, kechga tomon ular Tanur mahallasiga yetib borganlariga qaramay, shahardan butunlay haydab chiqarildilar.

Keyingi kuni mo’g’ullar yana o’sha shikastlangan Kabilon darvozasi orqali shaharga yorib kirishga urindilar, lekin ular G’uriy guruhining askarlari tomonidan uloqtirib tashlandilar”.

Demak, o’zbek ayollari harbiy qurollardan foydalanishni o’zlashtirganlarki jang maydonida bosqinchilarga zarba berishga qodir bo’lganlar. Ularning vatanga sodiqligi va qahramonligi mo’g’ul gazandalarining qahr-g’azabini qaynatgan. Chunonchi ular 1220 yil dekabrda shaharga bostirib kirganlaridan keyin ayollardan ham o’ch olishga kirishib quloq eshitmagan jazo usullarini qo’lladilar. Ular “Urganchning asir ayollariga qip-yalang’och bo’lib o’tishni buyurdilar va ularni ikki guruhga bo’lib, bunday buyruq berdilar: “Sizning shahringiz ayollari juda yaxshi mushtkash jangchilar ekanlar. Shuning uchun buyuramiz: ikkala guruh ayollari bir-birlari bilan mushtlashib urushsinlar. Bu razil tomosha bilan ko’ngil ochishib, mo’g’ullar ayollarni burdalab tashladilar”.

Shundan keyin mo’g’ul jallodlari Amudaryo suvi bilan Urganchni cho’ktirib hashamatli binolar, obod ko’chalar, nodir asarlarni o’z ichiga olgan kutubxonani hammasini barbod etdilar. Yaqindagina Sharqning porloq yulduzi bo’lib turgan mashhur Urganch shahari xarobaga aylantirildi. Uning o’n minglab aholisi o’ldirildi, asir olindi va boyliklar talandi. Urganchdagi janglarda taniqli din peshvosi, alloma Shayx Najmiddin Kubroning ko’rsatgan jasorat va qahramonligi tillarda doston bo’ldi. U 1145 yilda Xiva shahrida tug’ilib umrini oxirigacha ona yurtiga sidqidillik bilan xizmat qildi. U yoshlik yillaridayoq Eron, Misr, Shomu Iroq kabi mamlakatlarga borib bilimi va tajribasini oshirdi. U Kubraviya tariqatining asoschisi hisoblanib tariqati va ta’limotida halollik, poklik, insonparvarlik, muruvvatlik va vatanparvarlik singari fazilatlar o’z ifodasini topgan. U qator asarlarning muallifidir. Chingizxon Shayxning obro’yini inobatga olib shahar qamalidan ixtiyoriy ravishda chiqib ketishini va unga hech qanday ziyon yetkazmasligi haqida xabar qiladi. Ammo Shayxning ongi va qalbida ona yurt va xalqiga muhabbat va sodiqlik shu darajada barq urib turgan ediki, taklifni rad edi. Vatan uchun jonini tikkanligini ham ma’lum qildi. “Hazrati Shayx Najmiddin Kubroning ovozasi, – deydi Abulg’ozi, – olamga mashhur edi. Ul sababdin shahzodalar (Chingizxon o’g’illari) hazrati Shayxga kishi yubordilar. Shayx oyoq ostida qolmasunlar, o’g’lon va ushoqlari birlan qal’adan chiqib kelsunlar” deb. Hazrati Shayx aytib yubordilarkim, men yakka emasman. Mening qarindoshim va xizmatkorim bor turur. Shahzodalar aytib yubordilarkim, o’n kishi birlan kelsunlar. Shayx aytdilarkim, o’ndin ko’p turur. Shahzodalar aytdilarkim, yuz kishi birlan kelsunlar. Shayx aytdilar, yuz ko’p turur. Shahzodalar aytdilar, ming kishi birlan kelsunlar. Hazrati Shayx aytib yubordilarkim, yaxshi kunda men bu xalqning tamomi birla oshno va do’st erdim. Emdi yomon kunda nechuk bularni tashlab borayin, men bora bilmasmen, dedi. U mahalla mo’g’ullar hazrat Shayxning mahallasiga quyulib keldilar. Hazrat Shayx bir necha mo’g’ullarni o’z qo’llari birlan darhol jahannamga yubordilar (o’zlari ham) shahid bo’ldilar”.

Binobarin Shayx o’z javobida xalq bilan bir tan bir jon ekanligini anglatib vatan manfaatini shaxsiy manfaatdan yuqori qo’ygan. Shubhasiz u o’zining hayotini o’ylab ish yuritganida omon-eson qolishi mumkin edi. Ammo u xalqning boshiga yomon kunlar tushgan vaqtlarda xiyonat qilishlikni vijdoni qabul qilmay, dushmanga qarshi kurashdi.

Buyuk davlat arbobi va olim Ulug’bek ham Shayx Najmiddin Kubroning vatanparvarligi va jasoratiga yuqori baho bergan edi. U shunday yozgan: “Murshidi A’zam Shayx Najmiddin Kubro xudo amri bilan Xorazm uchun boshini tikdi. Boshini topshirishda qotil yaloviga yopishdi. Dini haq, iqlimining shohi ul piyr sarpanjasidan o’n zabardast yigit yalovni chiqarib ololmadilar. Sayillar shayxi sarpanjasida kofir yaylovini ko’rib hayratda qolgan oqillar bu holni sharhladilr: yalov uchini Shayx tugib, ta’rix aytdiki, vafotim sanasi “Shohi Shuxudo” (“Shahidlar shohi)dir”. Shayx Najmiddin Kubroning bunday jasorati va qahramonligi uning qalbidagi vatanparvarlikning yorqin namunasidir.

Chingizxon o’zining vahshiyligini Termizda va boshqa joylarda ham namoyish etadi. U qo’shin bilan Termizga kelganda mahalliy aholi qattiq jang qildilar. Ammo, pirovardida, dushman g’alaba qilib, ko’p odamlarni qilichdan o’tkazadi. Shu orada mo’g’ullar “bir xotunni o’ldirishga olib keldilar. Ul xotun aytdi: “Meni o’ldirmanglar. Men sizlarga bir yaxshi dur berayin”, dedi. Alar dedilar: “During qayda turur?” Ul xotun aytdi: “Durni yutkan tururman, dur qornimda turur”. Mo’g’ullar ul xotunning qornini yorib durni oldilar. Ul sababdin hech o’luk qolmadi, tamomining qornini yordilar”.

Ko’rinib turibdiki, bosqinchilar bir dona dur bahonasida qanchadan-qancha ayollarning ichak-chovog’ini ag’dar-to’ntar qilib tashlaganlar. Ular Termizni vayron etib, ko’p odamlarni qirgandan so’ng Balxga borishib, obod va ko’rkam shaharni ham yer bilan yakson qildilar. Ular Marv shahrini bosib olishda ham vahshiylarcha harakat qildilar. Tulixon boshliq mo’g’ullar shaharga kirganlarida odatdagidek boyliklarni talab qildilar. Ular aholini shahardan haydab mol-mulkni taladilar, so’ngra odamlarni yoppasiga qirdilar. Har bir askarga 40-50 kishini o’ldirish vazifasi yuklatildi. Bu topshiriq darhol bajarildi.