«CHOR DARVESH»

«CHOR DARVESH» — Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan ishqiy sarguzasht asar. Dastlabki nusxasi 18-asrda O’rta Osiyoda forsiy tilda noma’lum muallif tomonidan yaratilgan. «Chor darvesh»ning syujeti boshqa sarguzasht asarlarga o’xshab roviy xarakterga ega. «Chor darvesh» muqaddima va xotimadan tashqari, 5 qismdan — Rum moliki Ozodbaxt va to’rt darveshning sarguzashti tasviridan iborat. Ozodbaxt befarzand edi. Kunlardan bir kun taxt vorisi — farzand dog’ida yurgan Ozodbaxt kabriston ziyoratiga borib, to’rt darveshga uchrab suhbatlashadi. Ulardan ikki nafari Ozodbaxtga o’z sarguzashtlarini hikoya qiladi. Shundan so’ng podsho darveshlarni saroyga eltib, ziyofat beradi va qolgan ikki darveshning ko’rgan-kechirganlarini tinglaydi. Qissaxonlik ayni qizigan paytda saroy xodimi podshoh xotinlaridan biri farzand ko’rganligi haqida xushxabar keltiradi. Ozodbaxtning farzand ko’rishi, qissalar oxirida darveshlarning murod-maqsadlariga erishishi tafsilotlari «Chor darvesh»ning syujetini tashkil qiladi. Qissa ichida qissa shaklidagi bu asarda mardlik va jasorat, insonsevarlik va ilm-ma’rifat, yuksak axloq-odob targ’ib etilib, xoinligu pastkashlik, nopokligu ta’magirlik, boylikka ruju qo’yish, xudbinlik qattiq qoralanadi. Farang, Rum, Shom podsholarining qizlari ayshishrat, rohat va farog’atdan chin muhabbat yo’lida sadoqatni, insonsevarlik, adolatpeshaligu haqiqatparvarlikni Afzal biladilar, sodiq do’st uchun jonfidolik qiladilar. Darveshlar siymosida ham ana shu xislatlar mujassam. Barcha sarguzasht qissalar singari «Chor darvesh» ham nasrnazm aralash tarzda bitilgan. 19-asrda «Chor darvesh» Bombay, Toshkent shaharlarida toshbosma usulda bir necha bor chop etilgan. «Chor darvesh» ning O’zbekcha (Xiromiy dostoni), qozoqcha (Shodi To’ra dostoni) hamda «Bog’u bahor» nomida Urducha (Mir Ammon Dexdaviy qissasi) variantlari ham yaratilgan. Ad.: Braginskiy I.S, Istoriya tadjikskoy narodnoy poezii, M., 1960.