CHORBOG’

CHORBOG’ — Sharq mamlakatlarida atrofi devor bilan o’rab olingan ko’shk, ayvon, qo’rg’onli tartib asosida tuzilgan bog’. Chorbog’ uchun tekis, suvli, daraxtli joy tanlanadi; notekis (nishabli) joylar pog’ona-pog’ona sahnlarga keltiriladi, sun’iy sharsharalar qilish imkoniyatlari yaratiladi. Chorbog’ murabba yoki to’rtburchak tarhli bo’lib, kirish har 4 tarafning o’rtalaridan tashkil etiladi; hududi yo’lka va ariqlar yordamida ayrim bog’chalarga, bog’chalar esa yana o’z navbatida chamanzorlarga bo’linib, chorchamanlarni tashkil qiladi. Chorbog’ mujassamotining markazini bino (qo’rg’on, ko’shk) egallaydi. Baland bo’yli daraxtlar devorga yaqin ekiladi, undan so’ng mevali daraxtlar va gullar tartib bilan ekiladi, ularning erta bahordan kech kuzgacha ochilib turishiga e’tibor beriladi. Bino mujassamoti Chorbog’ni turli nuqtalardan ko’rish imkonini beradigan tarzda, 1— 2 qavatli, Markaziy mujassamotli qilib quriladi: o’rtada atrofini ayvonlar o’rab olgan Chordara xona bo’lib, 2 qavatga bino burjlaridagi zinalar orqali chiqiladi. Suv inshootlaridan katta ariqlar va hovuzga suv keladi, hovuz shakllari hamda favvoraga alohida e’tibor beriladi. Chorbog’da, shuningdek, o’tov, chodir kabilarni o’rnatish uchun joylar ajratiladi. Chorbog’dagi qushlar (mas, tustovuq, tovus va boshqalar) unga o’zgacha ko’rk bag’ishlaydi. Chorbog’ qadimdan yaratilib kelingan, Temuriylar va Boburiylar davrida ravnaq topgan, mohir bog’soz ustalar yetishib chiqqan. Jumladan, 16-asrda yashagan hirotlik Mirak Sayid G’iyos bog’rejasini tuzish, yer osti inshootlarini loyihalashga mohir bo’lgan, uning Buxoroda ham Ubaydullaxon uchun bog’ barpo qilgani manbalardan ma’lum. 13-asr oxiriga oid risolada, 16-asrda qayta ko’chirilgan «irshod uzziroat Fi ilmilhirosat» risolasida Chorbog’ yaratish hakida qimmatli ma’lumotlar bayon qilingan, hatto risolaning bir bobi «ko’chat, gul, daraxt, muattar o’tlar o’tkazish, Chorbog’ga tartib berish va uni barpo qilishda izchillikka rioya qilish» deb ataladi. Risolada Chorbog’ning eng maqbul turi keltiriladi hamda turli tavsiyalar bilan birga mujassamotda simmetriya, ritm, rang kabi masalalarga aloxida ahamiyat berilib, mevali daraxtlarga keng o’rin ajratiladi. Chorbog’ 19-asrning 2-yarmi 20-asrning boshlarida ham bunyod etilgan (Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa, Qo’qon xonining oyim qishlog’idagi, Xivadagi Nurullaboy Chorbog’lari va boshqalar). Xayrulla Po’latov.