CHORVACHILIK INSTITUTI

CHORVACHILIK INSTITUTI, O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot instituti — ilmiy muassasa. O’zbekiston qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi qishloq xo’jaligi ilmiyi.ch. markazi tarkibida. Toshkent viloyati Qibray tumanidagi qizil Shalola posyolkasida joylashgan. 1939 yil 29 noyabrda O’rta Osiyo chorvachilik hamda otchilik styalari negizida tashkil etilgan. Institutda 23 bo’lim (sutdor qoramollar selektsiyasi va ularni ko’paytirish hamda sut ishlab chiqarish texnologiyasi; go’shtdor qoramollar selektsiyasi va ularni ko’paytirish hamda ishlab chiqarish texnologiyasi; qo’ychilik va echkichilik; cho’chqachilik va cho’chqa go’shti ishlab chiqarish; parrandachilik, parrandalar selektsiyasi va genetikasi; otchilik; qishloq xo’jaligi hayvonlarini oziqlantirish va boshqalar), maxsus tadqiqotlar olib boruvchi guruhlar bor. Institut tarkibida Qoraqalpog’iston Respublikasi filiali, Toshkent viloyatida «qizil Shalola» tajriba xo’jaligi, A. Usanov nomidagi shirkatlar uyushmasi (go’shtdor qoramolchilik va santagertruda zotli qoramollarni ko’paytirish bo’yicha); «Erkin» shirkatlar uyushmasi (makkajo’xori selektsiyasi va urug’chiligi bo’yicha); Surxondaryo tayanch punkti (go’sht yo’nalishidagi qoramollarni urchitish bo’yicha); Samarqand laboratoriyasi (qoraola zotli qoramollarni ko’paytirish bo’yicha); fermentlar ishlab chiqaruvchi laboratoriyasi, Parrandachilik selektsiyagenetika stansiyasi; Chatqol asalarichilik tajriba xo’jaligi; Bushuev zotli qoramollarni tarqatish korxonasi; chorva va parranda zotlari, ozuqabop ekinlar, chorvachilikni mexanizatsiyalash bo’yicha ko’rgazma paviloni; chorvadorlar ilg’or tajriba va mexanizatorlar malakasini oshirish maktabi faoliyat ko’rsatadi. Institut faoliyatining asosiy yo’nalishlari: chorva mollari va parrandalarning mavjud zotlarini takomillashtirish va yangi zotlarini yaratish; ozuqabop ekinlarning serhosil navlari va duragaylarini yaratish; chorvachilik va yem-xashak yetishtirishning jadal texnologiyalarini ishlab chiqish; chorva mollari va parrandalarni ilmiy asoslarda boqish, ularning mahsuldorligini oshirishning biologik asoslarini o’rganish va boshqalar. Institut tashkil etilgandan beri sutdor Bushuev zotli qoramol, jundor va tivit beradigan O’zbekiston echki zotlari, qoraola va qizil cho’l zotli qoramollarning 4 tizimi, go’sht yo’nalishidagi qoramol zotlarining nasldor podasi, qo’ylarning 9 tizimi, tovuqlarning mahsuddor 2 ta guruhi, ozuqabop ekinlarning 16 navi va duragaylari yaratildi. O’tgan davr ichida institutda 1 akademik, 20 dan ortiq fan doktori va 300 dan ortiq fan nomzodlari yetishib chiqdi. Intda ilmiy kutubxona, aspirantura, ixtisoslashgan ilmiy kengashlar mavjud. Ilmiy asarlar, monografiyalar, tavsiyanomalar nashr etiladi. Murodilla Ashirov.