CHORVOQ

CHORVOQ (Chorbog’) — Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanidagi shaharcha. Toshkent shahridan 70 kilometr. Ugom tizmasining yon bag’rida, Ugom daryosining Chirchiq daryosiga quyilish joyidagi o’ng sohilida, Toshkent — Xo’jakent temir yo’lda joylashgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Xo’jakent (3 kilometr). O’rtacha 892 metr balandlikda. 1964 yil Chorvoq suv ombori va Chorvoq GES qurilishi munosabati bilan bunyod etilgan. Aholisi 5,5 ming kishi (2004). Chorvoqda, asosan, quruvchilar va energetiklar, shuningdek, yo’lsozlar, haydovchilar, korxonalar ishchi va xizmatchilar ham yashaydi. Shaharcha nomi («Chorbog'») to’rtta bog’ ma’nosini bildiradi. Chorvoqda Chorvoq GES qurilish boshqarmasi, O’rta Chirchiq GESlar kaskadi, Bo’stonliq tumani avtomobil yo’llari boshqarmasi, avtotransport ishlab chiqarish korxonasi kabi yirik korxona va tashkilotlar faoliyat ko’rsatadi. «Shams» firmasi («Xumson» mineral suvi qadoqlanadi) bor. 3 umumiy ta’lim maktabi, madaniyat uyi, 2 bolalar, 1 shahar kutubxonasi, Markaziy kasalxona mavjud. Chorvoq yon atrofida bolalar oromgohlari, dam olish uylari, sanatoriylar ishlab turibdi. Suv ombori sohillarida «Chorbog'» oromgohi, Bekobod, Olmaliq va Navoiy konmetallurgiya kombinatlarining dam olish maskanlari barpo etilgan. Chorvoqga Toshkent — Chorvoq yo’nalishida avtobuslar, Toshkent — Xo’jakent elektr poyezdi qatnaydi.