DABBA

DABBA – qorin bo’shlig’idagi a’zolar (ko’pincha charvi va ichak)ning chov kanali orqali yorg’oqqa (moyak xaltasiga) tushib qolishi, churraning bir turi. Chov kanalining kengayishi va moyak xususiy pardasining bitmay qolishi oqibatida Dabba tug’ma bo’lishi mumkin. Qorin devorining ba’zi sohasidagi ayrim muskullarning sust rivojlanganligi, kishi ozib yoki semirib ketganda muskul to’qimasining yog’ to’qimasi bilan almashinishi sababli qorin devorining bo’shashib qolishi va shu davrda qorin bo’shlig’idagi bosimning ortishi Dabba rivojlanishiga imkon beradi. Dabbaning sabablari mahalliy va umumiy bo’ladi. Bularga chov sohasining tuzilishi xususiyatlari (mahalliy), og’ir yuk ko’tarish, qabziyat, doimo kuchanish (umumiy) va hokazolar kiradi. Yorg’oqqa tushgan charvi va ichak qilib qolganda (Dabba qisilganda) o’z vaqtida operatsiya qilinmasa, ichak tutilishi mumkin. Dabba qisilib qolganda tez yordam chaqirish kerak. Dabba hatto hech bezovta qilmaganda ham operatsiya qilish lozim. Bemorning sog’lig’i operatsiyaga imkon bermaganda bandaj taqib yurish tavsiya etiladi. Oldini olish: semirib yoki ozib ketishdan saqlanih, og’ir yuk ko’tarmaslik, qorin devorini mustahkamlaydigan maxsus mashqlar (vrach tavsiyasi bilan) qilib turish kerak.