Dadaxon Nuriy (1943-2021)

Mohir publitsist, lirik qissalar ustasi va ajoyib hajviy yozuvchi Dadaxon Nuriy 1943 yilda Namanganda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetini tamomlagan.

Hamza nomidagi akademik drama teatrida rassom, maxsus maktablarda hind tili o‘qituvchisi, «Guliston», «Gulxan» jurnallari va O‘zbekiston televideniyesida adabiy xodim va muharrir bo‘lib ishlagan.

Dastlabki lirik qissasi — «Oqshom qo‘shiqlari» (1963). Shundan so‘ng yozuvchining «Begona» (1968), «Bog‘larda bahor» (1969), «Mashina Kashmirga boradi» (1970—71), «Osmon ustuni» (1976), «Shahar tegirmoni» (1990), «Begona» (1991) kabi kitoblari nashr etilgan.

U O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining Oybek nomidagi mukofotiga sazovor bo‘lgan. Adib yaratgan «Otga qo‘ng‘iroq», «Raddiya», «Buyruq», «Pskom osmonida qora bulutlar», «Shahar g‘ildiragi», «Toshkentga bomba kerakmi?», «Mushohada», «Bizdan keyin nima qoladi?», «Yov chiqqon»da nima gap?», «Katta karvon yo‘lidagi sun’iy g‘ovlar», «Sabotaj», «To‘nkarilgan daraxt» kabi o‘nlab publitsistik asarlar o‘z mavzuining dolzarbligidan, hujjatliligi va fosh etuvchi quvvati bilan ham hozirgi o‘zbek publitsistikasining yorqin namunalari bo‘lib qoldi.

«Xumsondan chiqqan poshsho» asari esa adibning mohir hajvchi sifatidagi mahoratidan dalolat beradi.

Dadaxon Nuriy esse, sayohatnoma janrida ham asarlar yozgan («Daricham ro‘parasidagi Pokiston», 1996; «Azim chinorlar panohida», 2005; «Ram sohibdan hammaga salom», 2007). Ayniqsa yozuvchining «Boysun junglilaridan Kandi o‘rmonlarigacha» «to‘qilmagan sarguzashtlar» kitobi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan.

2021 yil 12 iyul kuni Toshkent shahrida vafot etgan.