DANIYA

DANIYA (Danmark), Daniya qirolligi (Konqeriqet Danmark) — Yevropaning shimoli-g’arbidagi davlat, Yutlandiya yarim orolining katta qismini va unga yaqin orollar guruhi (Zelandiya, Fyun, Lollann, Falster va boshqalar) ni o’z ichiga oladi. Maydoni 43043 kilometr kvadrat (Grenlandiya va Farer orollaridan tashqari); aholisi 5,33 million kishi (2000). Poytaxti — Kopengagen shahri. Ma’muriy jihatdan 14 AMT (viloyat) ga, amtlar esa kommunalarga bo’linadi. Kopengagen va Frederikeberg shaharlari mustaqil ma’muriy birlikka ajratilgan bo’lsa ham, ammo amtlarga tenglashtirilmagan. Ichki muxtoriyatdan foydalanuvchi Farer orollari va Grenlandiya oroli Daniya qirolligi tarkibiga kiradi. Davlat tuzumi. Daniya — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1953 yil 5 iyunda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — qirol (qirolicha, 1972 yildan qirolicha Margrete II). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirolicha bilan Folketing (bir palatali parlament) amalga oshiradi. Folketing 179 deputatdan iborat. Ular umumiy to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni qirol (qirolicha) amalga oshiradi. U bosh vazir va hukumat a’zolarini tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Tabiati. Daniya hududi keng bargli o’rmonlar zonasida joylashgan, yer yuzasi tekislik. Eng baland joyi Yutlandiya yarim orolidagi Ayer-Bavnexoy tepaligi (172 metr). To’rtlamchi davrda yer ustini qoplagan muzlikning izlari saqlanib qolgan. Yutlandiya yarim oroli va boshqa orollarning sohillarida qo’ltiqlar va bo’g’ozlar ko’p. Daniyada qazilma boyliklar oz. Kaolin, bo’r, neft, torf, qo’ng’ir ko’mir, gaz va tuz konlari bor. Iqlimi mo’tadil dengiz iqlimi, yozi salqin, bahor va kuz fasllari uzok, davom etadi. Kishi yumshoq. Fevralda o’rtacha temperatura 0°, iyulda 15-16°. Yillik yogin 600-900 millimetr. Yog’inning ko’p qismi kuzda yog’adi, bahorda va yozda yog’in kam bo’ladi. Tez-tez tuman tushadi. Daryolari juda qisqa (eng kattasi Gudeno, 158 kilometr). Kichik oqar ko’l ko’p. Mamlakat g’arbining tuprog’i podzol, sharqiniki qo’ng’ir o’rmon tuproqlardir. Bu yerlarda dehqonchilik qilinadi. Dengiz sohillarida o’tloqi allyuvial tuproq, karbonat jinslarda esa karbonatli qo’ng’ir tuproqlar paydo bo’lgan. Hududining 10% ga yaqini o’rmon bilan band. Qarag’ay, qoraqarag’ay, qoraqayin va dub o’rmonlari bor. Bu o’rmonlarda yovvoyi xayvonlardan ohu, asil va chipor bug’u, elik, tiyin, tustovuq uchraydi. Sohillarda parranda ko’p. Yirik qo’riqxonalari: Xesselyo, Vorse. Aholisining 98% danlar; nemislar va frizlar ham bor. Aholining o’rtacha zichligi bir kilometr kvadratga 114 kishi. Aholining 84,9% shaharlarda yashaydi. Rasmiy tili — dan tili. Dindorlarning 91% — lyuteranlar. Yirik shaharlari: Kopengagen, Orxus, Odense, Olborg. Tarixi. Daniya hududida odam qadim zamonlardan beri yashab kelgan. 5-6 asrlarda bu yerga danlar qabilasi kelib joylashgan va 8-asrda ular Daniyadagi asosiy qabilaga aylangan. Mamlakat nomi shu qabila nomidan kelib chiqqan. Daniya davlati 9-10-asrlarda shakllangan. 11-asr boshlarida Buyuk Knud 1 hukmronligi davrida Angliya va Norvegiya Daniyaga qisqa vaqt qaram bo’lib turdi. Valdemar I (1157- 82), Knud VI (1182-1202) va Valdemar II (1202-41) Qirollik qilgan davrlarda Daniya davlati birmuncha mustahkamlangan. Skandinaviya davlatlari orasida Daniya iqtisodiy taraqqiy etgan va siyosiy jihatdan kuchli bo’lgan. 1380 yil Daniya- Norvegiya uniyasi (Ittifoqi) tuzilgan. 1397 yil (Margarita davrida) barcha Skandinaviya davlatlari Kalmar uniyasiga muvofiq Daniya qirolligiga qo’shildi. 16-asrning 2-yarmidan yirik xususiy yer egaligi rivojlana boshladi. Daniya Boltiq va shimoliy dengiz savdo yo’lida muhim geografik o’rin egallagani tufayli moddiy jihatdan birmuncha fonda ko’rar edi. Boltiq dengizida o’z hukmronligini mustahkamlash va Shvetsiyani uning tarkibida ushlab turish maqsadida Daniya bilan Shvetsiya o’rtasida ko’p marta bo’lib o’tgan urushlar Daniyaning mag’lubiyati bilan tugab, Boltik, dengizida Shvetsiya hukmron bo’lib oldi. 17-asrga kelib Daniyada dastlabki ixtisoslashgan qirol manufakturalari paydo bo’lib, ular davlatning o’q-dori, qurol-aslaha va harbiy anjomga bo’lgan ehtiyojini qondirib turdi. 1660 yil Daniya davlati merosiy monarxiya deb e’lon qilindi. Frederik III (1648-70 yillarda idora qilgan) tomonidan e’lon qilingan qonun (1665) Daniya absolyut monarxiyaga aylanganini yuridik jihatdan tasdiqladi. Rigsrod (yirik feodallar organi) bekor qilinib, rigsdag (tabaka vakillari Majlisi) ham chaqirilmaydigan bo’ldi. Mamlakatni markazlashtirish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. 1751-70 yillarda hukumatga boshchilik qilgan graf Bernstorf o’tkazgan merkantilizm siyosati Daniyaning xo’jalik ahvolini og’irlashtirdi. Napoleon urushlarida Frantsiya tomonida urushda qatnashgan Daniya mag’lubiyatga uchrab, birmuncha hududidan ajraldi va xo’jaligiga katta zarar yetdi. 1840 yil milliy Liberal partiya tuzildi (1870 yil tarqatib yuborildi). 1849 yil iyun Konstitutsiyasiga muvofiq Daniya ikki palatali cheklangan monarxiyaga aylandi. Shu yili yirik yer egalari manfaatini himoya qiluvchi konservativ partiya (Xoyre partiyasi) tuzildi. 1848-50 yillardagi Daniya- Prussiya va 1864 yilgi Avstriya Daniya urushlaridan so’ng Daniya Shlezvig, Golshteyn va Lauenburgdan ajrab, yagona milliy davlatga aylandi. 70-yillarda Xoyre partiyasi bilan Venstre partiyasi o’rtasida siyosiy hokimiyat uchun bo’lgan kurashda qishloq sarmoyadorlari manfaatini himoya qilgan Venstre partiyasi g’alaba qozondi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida ro’y bergan siyosiy va ijtimoiy o’zgarishlar 1915 yilgi Konstitutsiyada o’z aksini topdi. 1-jahon urushida Daniya betaraf turdi. 1930-yillardagi jahon iqtisodiy buhroni Daniya iqtisodiyotiga katta salbiy ta’sir etdi. 1940 yil aprelda Germaniya Daniyani bosib oldi va uni o’zining oziq-ovqat bazasiga aylantirdi. 1942-43 yillarda mamlakatda qarshilik ko’rsatish harakati avj oldi. 1943 yil sentabrda qarshilik ko’rsatish qarakatining rahbar organi hisoblangan Ozodlik kengashi tuzildi. 1945 yil 5 mayda mamlakat to’la ozod qilindi. Daniya— 1945 yildan BMT a’zosi. 1949 yil 4 apreldan shimoliy Atlantika pakti (NATO) a’zosidir. Milliy bayramlari — 16 aprel — Qirolicha tug’ilgan kun (1940), 5 iyun — Konstitutsiya kuni (1849). O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 25 yanvarda o’rnatgan. Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Venstre, so’l Liberal partiya, 1870 yilda tuzilgan; konservativ xalq partiyasi, 1916 yilda tuzilgan; Taraqqiyot partiyasi, 1972 yilda asos solingan; radikal so’l partiya, 1905 yilda tuzilgan; Daniya sotsial-demokratik partiyasi, 1871 yilda asos solingan; sotsialistik xalq, partiyasi, 1959 yilda tuzilgan; xristian xalq partiyasi, 1970 yilda asos solingan; Markaz demokratlari partiyasi, 1973 yil tuzilgan; Daniya xalq partiyasi, 1995 yilda tashkil etilgan. Daniya kasaba uyushmalari Markaziy birlashmasi, 1898 yilda tuzilgan bo’lib, xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, Yevropa kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Shimoliy Yevropa kasaba uyushmalari kengashiga kiradi. Xo’jaligi. Daniya yuksak darajada rivojlangan industrial-agrar mamlakat bo’lib, boshqa davlatlar bilan keng iqtisodiy aloqa bog’lagan. Xususiy sarmoya ustunlik qiladi. Yalpi milliy mahsulotning 30% davlat sektoriga to’g’ri keladi. Yalpi ichki mahsulotda sanoat va qurilishning ulushi 26,4%, qishloq, o’rmon xo’jaligi va baliqchilikning ulushi — 3,5%. Yalpi mahsulotning 40% dan ko’prog’i chetga sotiladi. Sanoatida neft, tabiiy gaz, kaolin qazib chiqarish katta o’rin oladi. 2-jahon urushi (1939-45) dan keyin mashinasozlik sanoati rivoj topdi. Kimyo sanoati, neftdan turli maxsulotlar ishlab chiqarish ham rivojlangan. Yoqilg’iga bo’lgan extiyojning bir qismi chetdan keltiriladigan neft va neft mahsulotlari hisobiga qondiriladi. Sanoatda mayda va o’rta korxonalar ko’p. Kemasozlik alohida o’rin tutadi; eng yirik sanoat markazlari: Kopengagen, Odense, Xelsingyor, Nakskov. Mashinasozlikning boshqa tarmoqlari asosan kema dizellari, tsement va oziq-ovqat sanoati uchun asbob-uskunalar, elektr motor, transformator, radiopriyomnik, televizor, magnitofonlar ishlab chiqaradi (asosiy markazlari Kopengagen, Odense). Kimyo sanoati doridarmon, fosfatli va azotli o’g’itlar, sintetik smola va plastmassalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. To’qimachilik, trikotaj va tikuvchilik sanoatining asosiy markazlari Yutlandiyaning sharqi va shimolda joylashgan (Vayle, Xerning, Viborg va boshqalar). Mamlakatning turli joylarida oziq-ovqat, xususan sut va go’sht sanoati korxonalari barpo etilgan. Yiliga o’rtacha 30 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. 90 yillarning o’rtalarida neft qazib olish eng yukrri darajaga yetdi (7 million tonna). Qishloq xo’jaligi Daniya iqtisodiyotining eng mahsuldor tarmog’i hisoblanadi. Mamlakatda 80 mingga yaqin fermer xo’jaligi bor. Ular yuksak hosildorlikka erishadilar va mahsulotning asosiy qismini chet ellarga sotadilar. Daniya hududining 70% (3 million gektar) qishloq xo’jaligida foydalaniladi. Qishloq xo’jaligi tovar mahsuloti umumiy qiymatining 90% ini chorvachilik beradi. Aholi jon boshiga sut, yog’va go’sht yetishtirishda dunyoda oldingi o’rinlardan birini egallaydi. Dehqonchiligi yuqori darajada mexanizatsiyalashgan. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa boqiladi, parrandachilik rivojlangan. Transporti. Temir yo’l uzunligi 3 ming kilometrdan ortiq, undan 2470 kilometr elektrlashtirilgan. Avtomobil yo’llari uzunligi 71 ming kilometr. Asosiy porti — Kopengagen. Tashqi savdosi yalpi ichki mahsulotning 37% ini tashkil etadi. Chetga asosan mashina va asbob-uskunalar, qishloq xo’jalik va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari chiqaradi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Germaniya, Shvesiya, Buyuk Britaniya. Pul birligi — Daniya kronasi. Maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari. Daniya maorif tizimining ilk bo’g’ini — bolalar bog’chalari. 6 yoshdan bolalar uchun 9 yillik majburiy ta’lim joriy etilgan. Boshlang’ich maktablarda o’qish muddati — 7 yil, kichik o’rta (Real) maktablarda 3 yil, yuqori o’rta maktab (gimnaziya) larda 3 yil, hunar-texnika bilim yurtlarida 1 — 3 yil. Bolalarning 90% bepul davlat maktablarida ta’lim oladi. Oliy o’quv yurtlariga gimnaziya attestatlari asosida tanlov yo’li bilan qabul qilinadi. 5 ta universitet, 3 ta texnika universiteti, 20 ga yaqin institut va kollejlarda oliy ma’lumot beriladi. Yirik oliy o’quv yurtlari: Kopengagen (1479 yilda asos solingan) va Orxus (1928 yilda asos solingan) universitetlari, Daniya muxandislik akademiyasi, Kopengagen texnika universiteti. Ilmiy muassasalari: Daniya qirolligi fanlar akademiyasi (1742 yil Kopengagen shaharda tashkil etilgan, 210 dan ortiq a’zosi bor), nafis san’at akademiyasi (1754 yilda asos solingan), Daniya qirolligi texnika fanlari akademiyasi (1937 yil Lingbi shahrida tashkil etilgan, 580 dan ortiq a’zosi, 25 ilmiy tadqiqot instituti va assotsiatsiyalari bor), 20 dan ko’proq ilmiy tadqiqot muassasalari va boshqalar. Kutubxonalari: Kopengagendagi Qirollik va munisipal, Orxusdagi davlat va universitet kutubxonalari va boshqalar. Muzeylari: Kopengagendagi milliy Qirollik nafis san’at muzeyi, Qirollik dengiz muzeyi, Odensedagi X. K. Andersen uymuzeyi va boshqalar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Daniyada nashr etiladigan yirik gazeta va jurnallar: «Informashon» («Axborot», kundalik gazeta, 1943 yildan), «Nyu dag» («Yangi kun», kundalik kechki gazeta), «Politiken» («Siyosat», kundalik gazeta, 1884 yildan), «Ekstra Bladet» («Favqulodda gazeta», kundalik gazeta, 1904 yildan), «Billed Bladet» («Suratli haftanoma», haftalik suratli jurnal, 1938 yildan), «Nyu politik» («Yangi siyosat», oylik jurnal, 1967 yildan). Ritsaus byuro — Daniya axborot agentligi 1866 yilda tuzilgan. Daniya radio va televideniyesi rasmiy ravishda mustaqil hisoblansa ham, amalda yarim davlat tashkilotidir. Mamlakatdagi barcha radioeshittirish va teleko’rsatuvlarni Daniya radiosi davlat tashkiloti nazorat qiladi. Adabiyoti. Qadim zamonlardan Daniyada boy og’zaki xalq ijodiyoti paydo bo’lgan. Dastlabki yozma yodgorliklar 12-asrda lotin tilida yaratilgan. Sakson Grammatikning «Danlarning ishlari» tarixiy asari (12-13-asrlar) ma’lum. 13— 14-asrlarda dan tilida yaratilgan asarlar, chet tillardan qilingan tarjimalar tobora ko’zga tashlana boshladi. K. Pedersen (1480-1554) ning xalqchil ijodi, «Bibliya»ni tarjima qilishidan adabiy tilining rivojiga asos soldi. 18-asr adabiyotida ma’rifatparvarlik g’oyalari keng targ’ib qilindi. L. Xolber o’tkir hajviyalari bilan shuhrat qozondi. 19-asr boshlarida A. Elenshleger, N. F. Grundtvig, S. S. Bliker, K. Vinter kabi romantiklar dehqonlar turmushi va tabiat go’zalliklarini tasvirladilar. 19-asrning 30-yillari adabiyotiga realizm unsurlari kirib keldi. Bir yoki ikki pardali (kichik) komediya janri rivojlandi, psixologik tahlil chuqurlashdi. Bu davrda Xans Andersen ertaklari shuhrat qozondi. 40-yillarda ijtimoiy ziddiyatlarning chuqurlashuvi siyosiy lirika va satiraning rivojiga ta’sir etdi. 70-yillar adabiyotida realizm chuqurlashdi. Mashhur realist yozuvchi E. P. Yakobsen «Nils Lyune» romanida kiborlarning fojiali taqdirini psixologik asosladi. X. Draxman, K. Gellerup, E. Brandes kabi realist adib va shoirlar yirik asarlar yaratdilar. l-jahon urushi davri (1914 18) adabiyotida «noumid avlod» kayfiyatlari paydo bo’ldi. 20-asrning 20 — 30-yillarida realistik proza yuksaldi. X. R. Kirk, E. Kristensen, K. Bekker, X. Xerdal, M. Klitgor, X. Pontoppidan, Y. Yensen romanlarida mehnatkashlar hayoti haqqoniy aks etdi, 30-yillarda, keyinroq qarshilik ko’rsatish harakati davrida (1940-45) M. Andersen-Nekse, X. Sherfig, X. R. Kirk, Martin Nilsen kabi yozuvchilar ijodi fashizmga qarshi ruh kasb etdi, ular qamoq va konslagerlarda ham kurashni davom ettirdilar. Urushdan keyingi yillarda X. Vulf, T. Ditlevsen, X. L. Yepsen realistik asarlar yozishdi, 60-80-yillarda adabiyotga kirib kelgan yozuvchilar yangi shakllar izlashdi, voqelikni falsafiy idrok etishga intilishdi. Me’morligi. Daniya hududida qad. me’moriy davrga (miloddan avvalgi) xos san’at va me’moriy yodgorliklar (Trelleborg, Aggersborg qal’alarining xarobalari va boshqalar) mavjud. Daniyada yagona Qirollik tuzilib (10-asr), xristianlik qabul qilingach, dastlab yog’ochdan, 11-asr o’rtalarida esa toshdan ibodatxonalar qurildi. Roman davrida (12-asr—13-asr boshi) xoch shaklida sobor va qalin devorli cherkovlar solindi. Gotika davrida (13-asr—16-asr 30-yillari) Roskill va Odenseda yirik ibodatxonalar, qalin, baland devor va minorali qasrlar barpo etildi. 16-17- asrlarda Renessans ta’sirida bezatilgan saroylar, jamoat va turar joy binolari qurish an’ana bo’ldi. 18-asr 1-yarmida binolar barokko uslubida, 2-yarmida esa klassisizm uslubida qurila boshladi. 19-asr oxiri — 20-asr boshida milliy romantizmga xos binolar yaratildi. K.F. Xarsdorf D. klassisizmining atokli namoyandasidir. 20-yillarda neoklassisizm, 30-yillarda esa funktsionalizm (X. Kampman, V. Lauritsen kabi me’morlar) uslubi tarqaldi. 2-jahon urushidan keyin Kopengagen, Odense, Ryonne kabi shaharlar qayta tiklandi. 60-90-yillarga kelib ko’p (8-12) qavatli turar joylar kurildi. Uy-joy va sanoat zonalarini, qatnov yo’llarini qulay joylashtirishga, ko’kalamzorlashtirishga katta e’tibor berildi. Tasviriy san’ati. Daniya hududidan tosh, jez, temir davri madaniyat yodgorliklari topilgan (qahrabo haykalchalar, urush va ov manzaralarining toshga o’yilgan tasvirlari, qurol-yarog’lar, ziynat buyumlari, kumush idishlar, oltin tangalar va boshqalar). Roman davri (12— 13-asrlar) monastirlari naqshlar bilan bezatilgan. Gotika davri (13-asr—16-asr boshlari) soborlaridagi naqshlarda realistik elementlar mavjud. 15-asrning 2-yarmida Daniyaga Germaniya, Niderlandiya, Frantsiyadan ko’plab rassom va ustalar ko’chib keldi. Kopengagenda badiiy akademiya tashkil etilishi (1754) va klassisizm taraqqiyoti Daniya milliy rassomlik maktabining tashkil topishiga olib keldi. 19-asr 1-yarmida rassomlik san’atida K. V. Ekkersberg va uning izdoshlari K. Kyobke, V. Bends va b. ijodida lirizm, voqelikning bevosita tasviri kuchli bo’ldi. 20-asr boshlarida Daniya san’atiga fovizm, kubizm, 30-yillar o’rtalaridan impressionizm va abstraktsionizm kabi turli oqimlar kirib keldi. Realizm ruhida ijod etuvchi O. Rude, X. Ensen, X. Bidstrup kabi rassomlar ijodi abstraktsionizm va boshqa modernistik oqimlarga qarama-qarshi turdi. Neoklassisizm tamoyillari asosida ijod etuvchi rassomlar ham bor. Keyingi yillarda maishiy va siyosiy mavzular rassomlarni ko’proq qiziqtira boshladi. Musiqasi. Yevropada eng qadimgilardan. Daniya hududida miloddan avvalgi 4-asrga oid puflama musiqa cholg’usi topilgan. 12-asrgacha milliy musiqa ijodi janrlari qahramonlik eposi, marosim qo’shiqlari, raqs kuylari bilan cheklangan. 12-asrdan professional diniy musiqa, 15-asrdan dunyoviy musiqa namunalari, 17-asrdan musiqashunoslik asarlari paydo bo’ldi. 18-asr oxiridan Daniya musiqasi o’ziga xos milliy xususiyatga ega bo’lgan. F. Kuntsenning dastlabki milliy operasi «Xolger Danske», I. Shulsning milliy xarakterdagi zingshpillari frantsuz hajviy opera unsurlarini o’ziga singdirdi. Milliy simfonizm bunyodkori N. Gade hamda zamonaviy kompozitorlik maktabi asoschisi K. Nilsen nomlari Yevropa musiqa madaniyati tarixi sahifalaridan munosib o’rin olgan. 20-asr 1 -yarmida musiqa markazlari — Daniya kontsert jamiyati, Daniya musiqachilari uyushmasi, kompozitorlari uyushmasi, filarmoniya jamiyati, Daniya radiosining xor va orkestri tashkil etildi. Daniyada 5 konservatoriya, 10 simfonik orkestr, musiqa tarixi muzeyi (1898 yildan), «Daniya musiqa nashriyoti» (1871) bor. Yirik musiqa markazlari — Kopengagen, Odense. Teatri. Qadimgi Skandinaviya qo’shiqchilari — skaldlar ijodida teatr san’ati uchqunlari bo’lgan. O’rta asrlarda Daniyada misteriya, masxarabozlik, ibodat marosimlari, odob ruhidagi ibratomuz tomoshalar ommalashdi, maktab o’quvchilari turli spektakllar qo’ya boshladi. Professional teatr esa, 18-asrning 20 yillarida vujudga keldi. 1722 yil Kopengagenda «Danlar sahnasi» nomli birinchi milliy teatr tuzildi. 1770 yildan bu teatr «Daniya qirolining teatri» deb yuritila boshladi. Teatr sahnasidan L. Xolberg komediyalari, Y. Evaldning dramalari, jahon klassikasi pyesalari keng o’rin oldi. Y. L. Xeyberg, N. P. Nilsen, Y. K. Ryuge, A. Nilsen, I. L. Fister kabilar 19-asr yetakchi aktyorlaridir. 20-asr boshida naturalistik va dekadentlik pyesalari ko’p qo’yilishi Daniya teatrini tanazzulga olib keldi. Lekin 20-yillarning oxiridan «ishchilar teatri», «ijtimoiy teatr», «Betti Nansen teatri»da klassik va chet el ilg’or mualliflari pesalarining qo’yilishi bilan Daniya teatri yangi bosqichga ko’tarila boshladi. 2-jahon urushidan so’ng qarshilik ko’rsatish harakati qahramonlarining jasoratini aks ettiruvchi va dolzarb masalalarga bag’ishlangan asarlar sahnalashtirildi. Opera va balet rivojlana boshladi. Aktyorlar Kopengagen davlat drama maktabida tayyorlanadi. Kinosi. Milliy kinofilmlar 1897 yildan ishlab chiqarila boshlandi, bir necha hujjatli lentalar suratga olindi. 1910-yillarda Daniya kinematografiyasi dunyoga taniddi. 1903 yilda «Katl» badiiy filmi (rejissyor L. Elfelt) yaratildi, 1906 yilda Kopengagenda «Nordisk» kinostudiyam tashkil etildi. «Arslon ovi» (1907, rejissyor va aktyor V. Larsen) dastlabki xalqaro muvaffaqiyat keltirdi. «Ajal raqsi», «Vilgelm Tell», «Hamlet» kabi mashhur asarlar sahnalashtirildi, komediya va melodramalar suratga olindi. 1-jahon urushidan keyin kinofilmlar ishlab chiqarish kamaydi, asosan sayoz, siyqa musiqali kinokomediyalar yaratildi. 2-jahon urush yillarida oilaviy muammolar va tarixiy vokealarni tasvirlovchi filmlar ekranlashtirildi. «Kalamushlar bilan jang», «Bug’doy xavf ostida» nomli hujjatli lentalarda kurashga chorlovchi pinhona g’oyalar aks ettirildi. Urushdan keyin ilg’or kinorejissyorlar Daniya qarshilik ko’rsatish harakatiga, bolalar tarbiyasiga, ijtimoiy illatlarni hajv qilishga asosiy e’tibor berdilar. X. Karlsen, P. Kerulf-Shmidt, E. Balliga, L. va S. Gryonlyukk, N. va K. Rifberg kabi rejissyorlar yaratgan filmlarda chuqur dramatik konflikt va ijtimoiy muammolar ham aks etdi. Daniyada hujjatli va qisqa metrajli filmlar ayniqsa shuhrat qozondi. 60-90-yillarda ko’ngil ochar hajviy filmlar ko’proq yaratildi. Kopengagenda kinomuzey, kinomaktab bor. Yiliga 25 to’la metrajli, 50 qisqa metrajli film ishlab chiqariladi. O’zbekiston — Daniya munosabatlari. Ikki mamlakat o’rtasida «Investitsiyalarni o’zaro himoyalash va rag’batlantirish to’g’risida»gi va O’zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o’rtasida «sheriklik va hamkorlik to’g’risida»gi bitim asosida o’zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yo’lga qo’yildi. 2000 yilda ikki mamlakat o’rtasidagi tovar aylanmasi 7,8 million AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekistan Daniyadan yog’och buyumlar, doridarmon, qand-shakar, qandolat mahsulotlari, kakao, spirtli va spirtsiz ichimliklar, g’alla va yorma, mexanik asbob-uskuna, kimyoviy mahsulotlar, poyabzal, o’yinchoqlar sotib oladi. Buning evaziga O’zbekistan sayyohlik va yuk tashish sohasida xizmat ko’rsatadi. O’zbekiston Daniyaga qayta ishlangan sabzavot va mevalar, oziq-ovqat mahsulotlari, ho’l meva va yong’oq yuboradi, turli xizmatlar ko’rsatadi. O’zbekiston Respublikasi hududida Daniya sarmoyadorlari ishtirokidagi 6 korxona, shu jumladan Daniya sarmoyasi 100% bo’lgan 2 korxona ishlab turibdi. O’zbekistonda Daniyaning «Novo Nordisk» va «York refrijereyshn» kompaniyalarining vakolatxonalari ochilgan.