DAVLAT BOSHLIG’I

DAVLAT BOSHLIG’I — davlatning ichki va tashqi ishlariga oliy rahbarlikni amalga oshiruvchi shaxs yoki organ. Monarxiya boshqaruvi shaklidagi davlatlar (Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Yaponiya)da Davlat boshlig’i monarx (qirol, podsho, imperator, emir) bo’lib, uning hokimiyati hukmron xonadon bir vakilidan ikkinchi vakiliga qonunda belgilangan tartibda o’tadi. Respublika boshqaruvi shakli amalda bo’lgan davlatlarda ko’pincha prezident Davlat boshlig’i hisoblanadi. U bevosita fuqarolar tomonidan saylanishi (Rossiya, Fransiya, Meksika va boshqalar), fuqarolar vakillari tomonidan pog’onali asosda saylanishi (AQSH, Argentina) yoki prezident saylash uchun tashkil qilingan organ tomonidan saylanishi (masalan, Germaniya) yoxud parlament tomonidan saylanishi (Chexiya) mumkin. Deyarli barcha davlatlar kontitutsiyalarida Davlat boshlig’iga juda keng vakolatlar berilgan: u hukumat boshlig’ini va vazirlarni tayinlaydi, qurolli kuchlar oliy bosh qo’mondoni hisoblanadi, mahkumlarni afv etish va veto huquqiga ega bo’ladi, fuqarolarni orden va medallar bilan taqdirlaydi, parlamentlarning sessiyalarini chaqiradi va h.k. Ayrim davlatlarda unga parlamentni yoxud uning quyi palatasini tarqatib yuborish huquqi ham berilgan. Parlamentar respublikalarda Davlat boshlig’ining barcha vakolatlarini uning nomidan hukumat amalga oshiradi.