DAVLAT KAPITALIZMI

DAVLAT KAPITALIZMI — davlat (yoki davlatlar birlashmasi) aralashadigan, davlatlashtirilgan, davlat tomonidan boshqariladigan va tartiblanadigan, davlat homiyligi va nazoratida, davlat belgilaydigan yo‗nalishlarda rivojlanadigan kapitalizm. Tarixan Davlat kapitalizmini shartli ravishda rivojlangan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi; tarixan muayyan sotsialistik mamlakatlarning kapitalizmdan sotsializmga o’tish davridagi Davlat kapitalizmi; hozirigi bir necha sotsialistik mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi; postsotsialistik mamlakatlardagi, ya‘ni Sharqiy Yevropa va sobiq SSSRda sotsializmning inqirozi natijasida sotsializmdan voz kechgan va bozor iqtisodiga o’tayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi; mustamlakachilik asoratidan ozod bo’lgan, rivojlanayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi kabi turlarga ajratish mumkin. Davlat tomonidan iqtisodiyotning boshqarilishi korxonalarni bevosita ro’yxatga olish, faoliyatini yo’naltirish, iqtisodiy qonunchilik orqali ularning iqtisodiy huquqlarini va faoliyat me‘yorlarini belgilab qo’yish, belgilangan tartib-qoidalarning bajarilishi, ularga rioya qilinishini nazorat qilish, rag’batlantirish va jazo choralarini qo’llash, soliqlar, jarimalar va iqtisodiy imtiyoz kabilardan foydalanish, turli ijtimoiy-qtisodiy va siyosiy-iqtisodiy dasturlar tuzish, ularni bajarish bo’yicha tadbirlar ko’rish orqali amalga oshiriladi. XVIII asr va XIX asrning 70-yillarigacha xorijiy mamlakatlarda yakka xususiy kapital, yollanma mehnat va erkin raqobatga asoslangan sohibkorlik hukmron bo’lib, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi juda past darajada edi. Sohibkorlar faoliyati asosan bozor tomondan boshqarilar edi. Shuning uchun ham bu davr oddiy, sof, erkin raqobatga asoslangan kapitalizm deb ataladi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida korporativ mulkchilik, korporatsiyalar (aksiyali jamiyatlar) va korporativ xo’jalik yuritish hukmron mavqega ega bo’ldi. Korporatsiyalarning bir qismi monopoliyalarga aylana borib, erkin raqobat bilan bir qatorda monopolistik raqobat paydo bo’ldi. Davlatlararo ziddiyatlar kuchayib, ularda monopoliyalarning kuchi va ahamiyati muhim rol o’ynay boshladi. Bu jarayonlarni tahlil etgan olimlar, kapitalizmning yangi jihatlariga ahamiyat berib, uni imperializm, korporativ kapitalizm, monopolistik kapitalizm deb ham atay boshladilar. Ingliz iqtisodchisi J.M.Keyns «Ish bilan bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936) kitobida davlatning iqtisodiyotni boshqarishi zarurligi to’g’risidagi g’oyani ilgari surdi va asosladi. Bu g’oyaning hayotga ta‘siri juda katta bo’ldi. AQSHda 30-yillardayoq Prezident Ruzveltning «Yangi yo’l» siyosati natijasida, boshqa mamlakatlarda II jahon urushi yillarida va undan keyingi davrda kapitalizm Davlat kapitalizmiga aylandi va shundan beri turli ko’rinishlarga ega bo’lgan Davlat kapitalizmi sifatida rivojlanmoqda. Yevrosiyodagi sobiq SSSR, Markaziy va Sharqiy Yevropada tarixan mavjud bo’lgan sotsialistik mamlakatlar, Osiyodagi sobiq Mo’g’ulistonda kapitalizmdan sotsializmga o’tish davrida hal qiluvchi tarmoqlardagi ishlab chiqarish, transport va mehnat vositalari sotsialistik davlat mulkiga aylantirilgan bo’lib, Davlat kapitalizmi, alohida uklad, xo’jalik shakli tarzida mavjud edi. Boshqa sotsialistik mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi xo’jaliklari birmuncha kengroq iqtisodiy erkinlikka ega bo’lgan edi. Biroq sotsialistik xo’jalik mustahkamlanib olgandan keyin ularning deyarli hammasida Davlat kapitalizmiga barham berildi. Bunday qo’l Sharqiy Yevropada va SSSRda sotsializmning qulashigacha davom etdi. Hozirgi davrda o’zini sotsialistik hisoblab kelayotgan mamlakatlar – Xitoy Xalq Respublikasi, Vetnam Sotsialistik Respublikasi, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Kuba Respublikasida iqtisodiyot asosan umumlashgan mulkchilikka, markazdan boshqarishga va rejalashtirishga asoslangan iqtisodiyot bo’lib qolmoqda. Biroq ularning ba‘zilari (Xitoy, Vetnam) da jiddiy iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda, bozor iqtisodiyotini ham shakllantirish siyosati o’tkazilmoqda; mamlakat iqtisodiyotida, ayniqsa, erkin iqtisodiy zonalarda, davlat nazoratida xususiy va xorijiy kapital faoliyatiga, kapital, yollanma mehnat munosabatlariga erkinlik berilmoqda. Natijada ularda Davlat kapitalizmining ko’lami va iqtisodiy hayotga ta‘siri o’smoqda. Bozor iqtisodga o’tayotgan sobiq sotsialistik mamlakatlarga xorijiy tovarlar va kapitallar juda erkin, tez kirib kelmoqda, ba‘zi tarmoqlarda va bozorlarda katta hukmron mavqelarga ega bo‗lmoqda. Mustaqillikka erishib sotsializmdan voz kechgan sobiq sotsialistik davlatlarning ba‘zilari, masalan, O’zbekistan mustaqil taraqqiyotning o’ziga xos yo’lini tanlab oldi. O’zbekistonda ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurish yo’li, bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich tarzda shakllantirish yo’li tanlandi. Davlat bosh islohotchi sifatida umuminsoniy va milliy qadriyatlarga asoslangan tamoman yangi umumdemokratik jamiyat qurish siyosatini izchillik bilan amalga oshirmoqda, ko’p ukladli va bozor xo’jaligi tizimini shakllantirish uchun zarur barcha choratadbirlarni ko’rmoqda. Natijada xorijiy kapital ishtirokidagi qo’shma korxonalar, savdo tashkilotlari, banklar va h.k. shakllandi, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarning vakolatxonalari ochildi. Pirovardida O’zbekistonda o’ziga xos Davlat kapitalizmi ukladi vujudga keldi.