Ermitajga qachon asos solingan?

Dunyodagi eng buyuk bu muzeyning nomi har bir odamga yaxshi tanish. Uning bebaho durdonalari: dunyodagi eng mashhur rassomlarning kartinalari, haykallar, vazalar, kumush va oltindan yasalgan buyumlar va hokazolarni tomosha qilish uchun jumla jahondan odamlar Ermitajga oshiqadilar. Ermitajda saqlanayotgan va ko’rgazmaga qo’yilgan, muzeyda «eksponatlar» deb yuritiladigan jami san’at asarlarini sanab sanog’iga yeta olmaymiz. Ermitajda namoyish etilayotgan hamma narsani ko’zdan kechirish uchun bu yerda o’tkazilgan na bir kun va hattoki na bir hafta kamlik qiladi. Ermitajda jamlangan 3 million san’at asari va qadimiy buyumlarga bir hur nazar tashlash uchun, hisoblab chiqishlariga qaraganda, 24 kilometr yo’l bosish kerak ekan. Bu ham hali holva. Odamlar Ermitajga ilk marotaba kelganlarida kalavaning uchini yitirib qo’yishadi va qayoqqa qarash ma’qul ekanligini bilmay qolishadi: san’at asarlarigami yoki ular namoyish etilayotgan xonalargami?! Chnki Ermitaj tantanavor zallarga, miyonxonalarga, galereyalarga va zinapoyalarga ega ajoyib tarixiy obida bo’lmish qishki saroyda joylashgan-da. Qishqi saroyni me’mor B. F. Rastrelli 1732-1735 yillarda qurgan, aynan uning loyihasi bo’yicha qishki saroy 1754-1762 yillarda biz hozirda bilgan ko’rinishida tubdan qayta bunyod etilgan edi. Qishki saroyning o’lchamlari haqida shunday raqamlarga qarab xam xulosa chiqarish mumkin: unda umumiy sathi 46 ming kvadrat metr bo’lgan mingdan ortiq xonalar mavjud. Saroyda — 2 mingta deraza, 1800 ta eshik, 120 ta zinapoya, binoni o’rab olgan panjaralarning uzunligi ikki kilometrni tashkil etadi. Aynan qishki saroyning o’zida saroyni bezash uchun ilk marotaba mashhur rassomlarning 225 kartinasi sotib olingan 1764 yildayoq Ermitajga asos solingan edi. Biroq Rossiyaning otaxon muzeyi sifatida imperatorlik Ermitajining tantanali ochilishi ancha keyin, faqat 1825 yilda bo’lib o’tadi. Bu ulug’vor muzeyga oyoq bosish oson tutiladigan ish emasdi. Tashrif pattalarini saroy qoshidagi idora berar, shunda ham hammaga emas, saroyga yaqin kishilarning tor doirasiga ravo ko’rilar edi. 1988 yilda Ermitaj jahonning eng katta kartinalar galereyasi sifatida «Ginnesning rekordlar kitobi»ga kiritildi.