ERON

ERON, Eron Islom Respublikasi (Jumhurie Islomiye Iron) — Janubiy G’arbiy Osiyodagi davlat. Maynd. 1648 ming kilometr kvadrat. Aholisi 66,4 million kishi (2003). Poytaxti — Tehron shahri ma’muriy jihatdan 30 Oston (viloyat)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Eron — Islom Respublikasi. Amaldagi Konstitutsiyasi 1979 yil 2-5 dekabrdagi referendumda tasdiqlangan, keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Konstitutsiya bo’yicha davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi rahbari (1989 yildan Said Ali Xamanayi). Undan keyingi oliy rasmiy shaxs — prezident (2005 yildan Mahmud Ahmadiy najod). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Islomiy Kengash Majlisi (parlament), ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Eron Old Osiyo tog’ligi mintaqasining Sharqiy qismida joylashgan va Eron tog’ligining g’arbiy qismini egallagan. Eron shimolda Kaspiy dengiziga tutash, Janubda Fors va Ummon qo’ltiqlari bilan o’ralgan (ushbu qo’ltiqlardagi Keshm, Xo’rmuz, Xark va boshqalar orollar Eronga tegishli). Sohillari pasttekislik, ayrim joylari mangra chakalakzorlari bilan qoplangan. Yer yuzasining yarmidan ko’prog’i tog’li. Mamlakat hududining chekkalarida shimol Eron, Sharqiy Eron va Janubiy Eron tog’lari joylashgan. Eron tog’lari orasida Elburs tog’lari (Damovand cho’qqisi Eronning eng baland nuqtasidir, 5604 metr) va Turkmaniston Xuroson tog’lari alohida ajralib turadi. Eronning Janub g’arbida Zagros tog’tizmasi joylashgan. Chekka tizmalar oralarida 1000-2000 metr balandlikdagi yassitog’liklar bor. Eronning g’arbida, Armaniston tog’ligida so’ngan vulkanlar, ichki yassitog’liklarda cho’l va landshaftli botiklar mavjud. Eronning janub sohilini Garmsar tekisligi egallagan. Eron neft va gaz zaxiralariga boy. Toshko’mir, temir va xrom rudalari, noyob elementlar, polimetall va mis rudalari, boksit, oltingugurt, surma, barit, tuz konlari va boshqalar bor. Iqlimi. Eron hududining katta qismida suptropik, kontinental, Fors va Ummon qo’ltiqlari sohillarida tropik iqlim; yozi issiq, qishi shimolda sovuq, Janubda iliq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Tehronda 2′, Jasq shahri (Ummon qo’ltig’i sohilida)da 19°; iyulniki xuddi shu joylarda 29 va 32°. O’rtacha yillik yog’in 500 millimetrdan kam, faqat Elburs tog’lari yon bag’irlarida 2000 millimetrgacha, Seyiston botig’ida 5060 millimetr. Eronda Daryo kam. Yirik daryolari: Qorun, Safedrud, Atrek, Araks, Hilmand, Shatt ulArab. Faqat Qorun daryosida kema qatnaydi. Tog’oralig’idagi botiqlarda oqmas ko’llar (Urmiya, Daryochai namak va boshqalar) bor. Tog’oldi tekisliklaridagi bo’z tuproqlarda cho’l o’simliklari, tog’lardagi qo’ng’ir tuproqlarda dasht o’simliklari o’sadi. Pastliklar sho’rxok. Elburs tog’larining shim. yon bag’ri keng bargli o’rmon bilan qoplangan. Eronning Jan.dagi qizil tuproqlarda savanna turidagi o’simliklar o’sadi. Daryo vodiylari o’tloq, tuprog’i allyuvial. Eronning hayvonot dunyosi xilma-xil. Tog’larda quyon, chiyabo’ri, tog’echkisi, yo’lbars, qoplon, jayra, vodiylarda tulki, bo’ri, sirtlon, bug’u, bo’rsiq va boshqalar yashaydi. Mamlakat markazidagi tekislikda kaklik, Fors qo’ltig’i sohillarida saqoqush va qizil g’oz, Kaspiy dengizida qimmatbaho baliq turlari — osyotr va beluga ko’p. Milliy bog’lari: Kevir, Guliston, Urmiya, Markaziy Elburs va boshqalar Aholisi. Eronda 30 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Aholisining 75% ga yaqinini Eron tillari guruhiga kiruvchi xalqlar: fors, Gilon, Mozandaron, kurd, lor, Baxtiyoriy, baluj, Talish, afg’on, tojik va boshqalar tashkil etadi. Turkiy til guruhiga kiruvchi Ozarbayjon va turkmanlar, shuningdek, Arab, arman, ossuriy, gruzin, lo’li va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy til — fors tili. Davlat dini — Islom dinining shia mazhabi. Shahar aholisi 58,3%. Yirik shaharlari: Tehron, Isfahon, Mashhad, Tabriz. Tarixi. Eron hududida odam ilk paleolit davridan yashaydi. Eronliklar to’g’risidagi dastlabki ma’lumotlar Ossuriya yozma yodgorliklarida keltirilgan. Miloddan avvalgi 834 yilda shoh Salmanasar III ning sharqqa qilgan yurishini tavsiflovchi mixxat yozuvlarida qadimiy fors tilida so’zlashuvchi xalqlar istiqomat qilgan Parsua mamlakati qayd etilgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillik boshida Eronning Janubi g’arbida dastlab shahardavlatlar, keyinroq Elam davlati paydo bo’ldi. Miloddan avvalgi 2-ming yillik davomida Eron hududiga hind eron tillarid aso’zlashuvchi hind-yevropa qabilalari kirib kela boshlagan. Eronning hozirgi nomi o’sha xalqlar — oriylar nomi (qadimgi Eroncha aguapa — «oriylar mamlakati») dan olingan. Bu davrda Eron hududining bir qismi Ossuriya hukmronligi ostida bo’lgan. Miloddan avvalgi taxminan 673— 672 yillarda Ossuriyaga qarshi ko’tarilgan g’alayon natijasida Eron tog’ligining shimoliy g’arbiy qismida Midiya davlati paydo bo’ldi. Miloddan avvalgi 550 yil Midiya va Forsiya podsholigi o’rtasida bo’lib o’tgan urush (553— 550) dan so’ng hokimiyat Axomaniylar sulolasi qo’liga o’tdi. Yunonlar, keyinchalik Yevropaning boshqa xalqlari Forsiya nomini mamlakatning barcha qismiga taalluqli deb bilib, uni Forsiya (Persiya) deb atay boshlaganlar (Yevropa adabiyotida bu nom 1935 yilgacha saqlanib kelgan). G’arb bilan Sharq o’rtasidagi savdo yo’llarida o’z hukmronligini o’rnatish maqsadida Axomaniylar Yunoniston bilan urush olib bordilar. Miloddan avvalgi 330 yil Axomaniylar davlati Aleksandr Maqduniy qo’shinlari tomonidan mag’lubiyatga uchradi. Uning o’limidan so’ng Eron Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi. Miloddan avvalgi 3-asr hozirgi Eron va Turkmaniston chegaralarida Parfiya podsholigi vujudga kelib, miloddan avvalgi 2-asr o’rtalarida Eronning barcha hududi uning tarkibida bo’lgan. Miloddan avvalgi 1-asrdan Parfiya Rim bilan uzoq muddatli urushga kirdi. Milodiy 224 yil Parfiya qaramog’idagi Forsiya hukmdori Ardasher I Parfiyaning so’nggi podshosi Artaban V ni urushda yenggach, Sosoniylar davlatini tuzdi. Sosoniylar hukmronligi davrida 3-asr o’rtalarida moniylik, 5-asr oxirlarida mazdakiylik paydo bo’ddi. 7-asrda Eronni arablar bosib oldi va u Arab xalifaligi tarkibiga kirdi. Eronda Islom dini tarqalib, 10-asrda aholining ko’p qismi unga e’tiqod qila boshladi. 9-10-asrlarda Eron hududida noibliklar vujudga keldi. 900 yilda Xuroson va butun Sharqiy Eron Somoniylar qo’l ostiga o’tdi, so’ng Sharqiy Eron O’rta Osiyoning bir qismi va hozirgi Afg’oniston hududi bilan birgalikda G’aznaviylar davlati tarkibiga kirdi. 11-asrda Eronga turkiy qabila (o’g’uz)lar kirib keldi. Ulardan biri — Saljuqiylar g’aynaviylar qo’shinini tor-mor qilib, Eronni va unga qo’shni mamlakatlarni bosib oldi va Saljuqiylar davlatini tuzdi. 12-asr boshlarida Saljuqiylar davlati parchalanib, qator sultonliklar paydo bo’ldi. 12-asr oxirida Eron Xorazmshohlar davlatita qo’shib olindi. 1220-56 yillarda Eronni mo’g’ullar bosib oldi va 14-asrning o’rtalarigacha Hulokuiylar davlati tarkibida bo’ldi. 14-asrning 30-80-yillarida Xurosonda mo’g’ul va mahalliy zodagonlar zulmiga qarshi Sarbadorlar qo’zg’olonlari, 1350 yil Mozandaron va Gilonda Saidlar harakati bo’lib o’tdi, natijada sarbadorlar va saidlar davlati paydo bo’ldi. 16-asr boshida Eronning barcha qismi Safaviylar qo’liga o’tdi. 1502 yil shia mazhabi davlat dini deb e’lon qilindi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida mamlakatning turli qismlarida zodagonlarga qarshi g’alayonlar, shuningdek, asoratga solingan afg’on, turkman, kurd, Ozarbayjon va boshqalar xalqlarning ozodlik harakatlari boshlanib ketdi. Afg’on qabilalarining 1709-22 yillardagi qo’zg’olonlari natijasida 1722 yil ular Safaviylar poytaxti bo’lmish Isfahonni egalladilar. Afg’on xonlarining hukmronligiga qarshi xalq harakati boshlanib ketdi. 1723 yil Eronning shimoliy g’arbiy va Markaziy viloyatlariga bostirib kirgan turklar quvib chiqarildi. Eron davlati Nodirshoh rahbarligida juda katta imperiyaga aylandi. 1747 yil fitna natijasida shoh o’ldirildi va Eron davlati parchalanib ketdi. 18-asr oxirida Zand va Qojar xonlari o’rtasida uzoq davom etgan kurashdan keyin Eronda Qojarlar sulolasi o’rnatiddi. 18-asr oxiridan Eron Yevropa mamlakatlarining mustamlakachilik ob’yektiga aylandi. 19-asrdagi Rossiya-Eron urushlari natijasida muqaddam Eron bosib olgan Kavkaz orti hududlari Rossiyaga o’tdi. 19-asrning 50-yillari o’rtalarida mamlakatda ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi Bobiylar qo’zg’olonlarit o’z aksini topdi. 19 asr 60-yillari — 20-asr boshlarida Eron asosan, Buyuk Britaniya va Rossiyaning yarim mustamlakasiga aylandi. 19-asr oxiridan zulm va ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi 1905-11 yillardagi Eron inqilobining boshlanishiga zamin yaratdi. Natijada Konstitutsiya e’lon qilindi, parlament (Majlis) chaqirildi. 1911 yil oxirida Eron inqilobi Angliya va Rossiya tomonidan bostirildi. 1-jahon urushi yillari (1914— 18)da Eron urushga kirgan davlatlarning harbiy harakatlari maydoniga aylandi. 1919 yil Eron Buyuk Britaniya tomonidan bosib olindi. Mamlakatda milliy ozodlik kurashi avj oldi. Eron Ozarbayjoni (1920), Gilon va Mozandaron (192021), Xuroson (1921)da kuchli milliy ozodlik harakatlari bo’lib o’tdi. 1921 yil 21 Fevralda o’ng kuchlar Rizoxon qo’mondonligi ostida davlat to’ntarishini amalga oshirdilar. Said Ziyovuddin rahbarligidagi yangi hukumat (ushbu hukumat tarkibida Rizoxon harbiy vazir bo’lgan) demokratik harakat yoyilib ketmaslik choralarini ko’rdi va jamoat tazyiqi ostida 1919 yilgi Angliya—Eron bitimini bekor qildi. 1925 yil 12 dekabrda ta’sis Majlisi Rizoxonni Rizoshoh Pahlaviy nomi bilan Eron shohi deb e’lon qildi. 1930-yillarning o’rtalaridan Eron Germaniya bilan aloqalarini kuchaytira boshladi. 2-jahon urushi yillari (1941 yil avgustda) Eron hududiga sovet va ingliz qo’shinlari kiritildi (1945 yil oxiri — 1946 yil mayda olib chiqib ketildi). 1941 yil 16 sentyabrda Rizoshoh taxtdan voz kechdi va uning o’rniga o’g’li Muhammad Rizo Pahlaviy o’tirdi. 1943 yil 9 sentyabrda Eron Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi, lekin harbiy harakatlarda qatnashmadi. 1945-46 yillar Eronda kuchli antiimperialistik va demokratik harakatlar avj oldi. Hukumat AQSh va Buyuk Britaniya yordamiga tayanib, bu harakatlarga chek qo’ydi. 1960-yillarning boshlarida mamlakatda ijtimoiy va ichki siyosiy vaziyat keskinlashdi. Shoh hukumati monarxiya tuzumi va harbiy qudratini mustahkamlash maqsadida islohotlar o’tkazishga kirishdi (agrar islohotlar o’tkazildi, maorif va sog’liqni saqlash tizimini yaxshilashga oid ayrim tadbirlar amalga oshirildi). Ammo shoh tuzumining reaktsion ichki siyosati, g’arbparastligi Eronda Islom dinining fundamental qadriyatlarini tiklashga intiluvchi ruhoniylarning keskin qarshiligiga uchradi. 1979 yil Fevralda monarxiyaga qarshi inqilob natijasida shoh tuzumi ag’darildi. Inqilobga surgundan qaytgan shialar yetakchisi Oyatullo Humayniy (1964 yil mamlakatdan surgun qilingan) rahbarlik qildi. Muhammad Rizo Pahlaviy mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi. 1979 yil 1 apreldan mamlakat rasmiy ravishda Eron Islom Respublikasi deb nomlandi. 1979 yil oxirida Eron bilan Iroq o’rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Eron bilan Iroq o’rtasida Shatt ulArab daryosi bo’ylab o’tgan chegara xususidagi janjal qurolli to’qnashuvga aylanib ketdi. 8 yil davom etgan bu mojaro ikki tomonni ham holdan toydirdi. Humayniy vafotidan so’ng (1989) hokimiyat tepasiga kelgan yangi hukumat bir qancha ijobiy islohotlarni amalga oshira boshladi, tashqi siyosatda Eronni xalqaro miqyosda yakkalanib qolish holatidan chiqarish yo’lini belgiladi. Eron 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 25 dekabrda tan olgan va 1992 yil 10 mayda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 11 Fevral — Islom inqilobi kuni (1979). Siyosiy partiya va tashkilotlari. Eron Islom Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan, Eronda Islomga aloqasi bo’lmagan siyosiy partiya va tashkilotlar faoliyati man qilingan. Hozirgi kunda mamlakatning ichki siyosiy hayotida bir qator Islom partiya va uyushmalari mavjud bo’lib, ular orasida e’tiborga loyiq bo’lganlari kurashayotgan ruhoniylar jamiyati, Islomiy Eron birdamlik partiyasi, Islomiy Eron hamjihatlik partiyasi, taraqqiyotga xizmat qiluvchilar uyushmasi, Imom Humayniy siyosati tarafdorlari uyushmasidir. Xo’jaligi. Eron — neft sanoati rivojlangan agrar industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik 21,3%, sanoat 32,7% (jumladan, neft va gaz qazib olish 18,7%)ni tashkil etadi. Sanoatida neft, gaz, ko’mir, xrom, qo’rg’oshinrux, mis, marganes va temir rudalari qazib olish katta ahamiyatga ega. Yiliga o’rtacha 85 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Neftni qayta ishlash, neft kimyosi korxonalari bor. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik, oziqovqat, to’qimachilik sanoati rivojlangan. Hunarmandchilik (gilam to’qish, metall buyumlar tayyorlash) bilan ham shug’ullaniladi. Qishloq xo’jaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmog’i hisoblanadi. Qishloq xo’jalikning yetakchi tarmog’i — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekini — bug’doy; shuningdek, arpa, sholi, dukkakli don ekinlar ekiladi. Bog’dorchilik (o’rik, shaftoli, anjir, pista, xurmo, behi, anor, tsitrus mevalar, yong’oq va boshqalar), tokchilik, sabzavotchilik va polizchilik bilan mamlakatning hamma qismida shug’ullaniladi. Paxta ekiladi, qand lavlagi, shakarqamish, tamaki etishtiriladi, choy o’stiriladi. Chorvachiligida qo’y, echki, qoramol, eshak, tuya, ot, xachir boqiladi. Parrandachilik rivojlangan. Pillachilik bilan shug’ullaniladi. Fors qo’ltig’i va Kaspiy dengizida baliq ovlanadi. Transporti. Temir yo’lning uzunligi 7,3 ming kilometr. Ichki yuklarning asosiy qismi avtomobil transportida tashiladi. Avtomobil yo’llarining uzunligi 167 ming kilometr. Dengiz savdo floti tonnani 8345 ming tonna dedveytni tashkil etadi. Fors qo’ltig’idagi asosiy portlari: BandarAbbos, BandarHumayniy, Bushir, Xark, Obodon, BandarMohshahr; Kaspiy dengizida — Enzeli, Novshahr, Amirobod. Tehron, Sheroz, Isfahon, BandarAbbos, Obodon, Tabrizda xalqaro aeroportlar bor. Eron chetga neft va neft mahsulotlari, gilam, gaz, paxta, meva, teri, metall buyumlar chiqaradi; chetdan oziq-ovqat, mashina va jihozlar, sanoat xom ashyosi oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Italiya, Kuvayt, BAA va boshqalar mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi. Eronda xorijiy sayyohlik rivojlangan. YUNESKO tomonidan qayd etilgan dunyo tsivilizasiyasi merosiga oid 12 tarixiy yodgorlikning 3 tasi Eronda joylashgan. 2001 yil Eronni 1402160 xorijiy sayyoh ziyorat qildi, xorijiy sayyohlikdan tushgan daromad 1,112 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Pul birligi — rial. Tibbiy xizmati. Eronda o’rtacha umr 69 yoshni tashkil etadi. 2003 yil 110797 o’rinli 730 kasalxona (120 tasi xususiy), 307169 vrach, hamshira va farmasevt ishladi. Vrachlar universitet va o’rta maxsus tibbiyot bilim yurtlarida tayyorlanadi. Hozirgi paytda Eronda sog’liqni sug’urta qilish yo’lga qo’yilmoqda. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Eronda 5 yillik bepul majburiy boshlang’ich ta’lim joriy qilingan. 2 bosqichdan iborat 7 yillik o’rta maktab mavjud. Mamlakatda savodxonlik ko’rsatkichi — 85,1%. 2004 yil mamlakatdagi maktablarda 17 million 196588 o’quvchi ta’lim oldi. Boshlang’ich maktab o’qituvchilari ped. bilim yurtlarida, o’rta maktab o’qituvchilari Tehron universiteti qoshidagi pedagogika institutida tayyorlanadi. Oliy ma’lumotli kadrlar Tehron universiteti, Tehrondagi Eron milliy universiteti (1960), «Forobiy» universiteti (1975), Sheroz, Mashhad, Isfahon, Mozandaron, Tabriz, Ahvozdagi universitetlarda, Tehron politexnika instituti, Obodon neft instituti va boshqalarda tayyorlanadi. 2004 yil oliy o’quv yurtlarida 1 mln. 673753 talaba o’qidi. Ilmiy tadqiqotlar Tehrondagi fan va maorif taraqqiyotini tadqiq etish va rivojlantirish instituti (1969), Eron madaniyati tadqiqot markazi (1971), san’at va arxeologiya tarixi milliy markazi (1972)da, shuningdek, Tehron, Mashhad, Tabriz, Sheroz, Isfahon, Ahvoz untlari va boshqalar oliy o’quv yurtlarida ham olib boriladi. Yirik kutubxonalari: Milliy kutubxona (1935), parlament kutubxonasi (1924), universitetlar huzuridagi kutubxonalar. Madaniyat vazirligi tizimida 1502 ta kutubxona mavjud. Eronda arxeologiya va etnografik muzeyi, Guliston saroyi muzeyi (1894), Milliy badiiy muzey, Gilamlar muzeyi bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Eronda bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Asosiylari: «Abror» («adolatli», fors tilidagi kundalik gaz., 1985 yildan), «Keyhon» («Koinot», fors tilidagi kundalik oqshom gazeta, 1942 yildan), «Risolat» (fors tilidagi kundalik gazeta, 1985 yildan), «Egteloot» («axborot», fors tilidagi kundalik kechki gazeta, 1925 yildan), «Ettelooti haftagi» («hafta yangiliklari», fors tilidagi bezakli haftalik jurnal, 1941 yildan). Islom Respublikasi axborot agentligi (IRNA), 1934 yil tashkil etilgan. «Eron Islom Respublikasi ovozi» milliy radiosi 1971 yil tuzilgan. Eron televideniesiga 1971 yil asos solingan. Adabiyoti. Eron adabiyotini shartli ravishda 3 bosqichga bo’lish mumkin: qadimiy, o’rta asr va zamonaviy. Eron adabiyotining ilk namunalari qadimiy fors tilida yaratilgan. Qahramonlik eposining dastlabki ko’rinishlari Axomaniylar davriga mansub mixxat bitiklarida o’z aksini topgan. Eron arablar tomonidan zabt etilib (7-asr), uning hududi xalifalik tarkibiga kirgandan so’ng Eron adabiyoti Arab tili va Islom ta’sirida shakllandi. 9-asrga kelib adabiyotda fors tilining mavqei kuchaydi. 10-asrning 2-yarmidan boshlab fors tili Sharqda she’riyat tili darajasiga ko’tarildi. 10-15-asrlar Eron nazmining yuksalish davri hisoblanadi. Bu davrda Firdavsiy, Umar Xayyom, Sa’diy, Rumiy, Hofiz kabi dunyo adabiyotining yorqin yulduzlari o’zlarining o’lmas asarlarini yaratdilar. Ularning she’riyatida gumanizm, insonning ulug’ mavjudot ekanligi, ma’naviy barkamollik sari intilish g’oyalari tarannum etildi. Fors adabiyotining durdonasi bo’lmish Firdavsiyning «Shohnoma» dostoni maydonga keldi. Bu davrda Eron adabiyotining mumtoz janrlari bo’lgan ruboiy, qasida, g’azal va qit’a yanada takomillashdi. Shu bilan birga Abdullo Ansoriy, Farididdin Attor va boshqalarning asarlarida sufiylik tariqati g’oyalari o’z aksini topdi. Mo’g’ullar tomonidan Eronning ishg’ol etilishi (1220-56) natijasida madaniy hayot inqirozga yuz tutdi. 13-asrning 2-yarmiga kelib Eron adabiyotida madhiya va qahramonlik eposlari rivoj topdi. 16-asr oxiri Eron adabiyotida shia mazhabiga xos marsiya she’riy janri shakllandi. Bu davrga kelib Eron mumtoz adabiyoti saroy she’riyati doirasida taraqqiy etdi. 17-asr Eron adabiyotida hind uslubi (sabke hindi) ustunlik qila boshladi. Bu hol 18-asrda Eron shoirlari mushtog’ Isfahoniy, Sabohiy Bikdeliy Koshoniy, Hotif Isfahoniy va boshqalarning e’tiroziga uchrab, Eron adabiyotida «bozgasht» (qaytish) deb atalmish yangi yo’nalishning paydo bo’lishiga olib keldi. Bu yo’nalish ilk Eron mumtoz she’riyatiga xos uslubni qayta jonlantirishga qaratilgan sa’yiharakatlar bilan ifodalanadi. 19-asrda Eron adabiyotida yodnoma va safarnomalar paydo bo’lib, yangi fors nasriy janriga asos solindi. Eronda keng quloch yozgan milliy ozodlik harakati (1905-1921) publitsistika va satirik she’riyatning shakllanishiga turtki bo’ldi. M. Bahor, A. Lohutiy ijodida adolatsizlikka qarshi kurash g’oyalari namoyon bo’ldi. 20-asrda Eron adabiyotida roman va realistik hikoya janri rivoj topdi. Bu davrda Murtazo mushfiq Kozimiyning «qo’rqinchli Tehron» (1924), Abbos Kozimiyning «Mashaqqatli hayot» (1931), Yahyo Davlatobodiyning «Shahrnoz» (1926), Said Nafisiynij «Farangis» (1931) nomli asarlari chop etildi. 20-asrning 30-yillarida Eron she’riyatiga yangi she’riy janr «she’ri nou» kirib keddi. An’anaviy aruz vaznidan voz kechib, erkin uslubda she’r yaratish bu yo’nalishning xarakterli jihatidir. Eron she’riyatidagi yangi yo’nalishning asoschisi Nimo Yushij (1895-1961) hisoblanadi. 1940-50 yillar nasrda ijtimoiy hayotni aks ettiruvchi bir qator realistik asarlar yaratildi. Sodiq hidoyat (1903-51)ning «Daydi it» (1943), «Hoji og’o» (1945), Bo’zo’rg Alaviyning «ellik uch» (1942), «Uning ko’zlari» (1952) hikoyalari jamoatchilik e’tiborini qozondi. Islom inqilobidan so’ng Eron adabiyotida ozodlik va inqilobni tarannum etuvchi she’rlar, Eron-Iroq urushida qatnashgan jangchilarning mardligi va vatanparvarligini aks ettiruvchi asarlar, diniy yo’nalishda yozilgan she’riy to’plamlar keng o’rin oldi. Me’morligi. Eron hududidagi me’moriy yodgorliklar uzoq o’tmishga borib taqaladi. Eronda neolit davriga oid paxsadan qurilgan turar joylar (Koshon yonidagi Tepesialk, Sheroz yaqinidagi Talibakun) topilgan. Midiya podsholigi davri (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmi)da uning poytaxti Ekbatana atrofida (hozirgi Hamadon) istehkom devorlari barpo etilgan. Axomaniylar davrida saroy me’morligi keng rivoj topdi (Pasargada, Persepolis, Suzadagi saroy majmualari). Axomaniylar saroy me’morlik uslubiga hashamatlilik, hayvon haykalchalari bilan bezatilgan baland ustunlar xos. Asosiy qurilish materiallari — xom g’isht, tosh va yog’och. To’rtburchak shaklidagi zardushtiylik ibodatxonalari ham shu davrga mansub me’moriy yodgorlik hisoblanadi. Parfiya podsholigi davrida hovli tomoni ochiq ayvonli saroylar qurilgan. Sosoniylar davrida shaharlar tez sur’atlar bilan barpo etila boshlandi. Shaharlar doirasimon yoki to’g’ri to’rtburchak tarhli qilib, qalin devor bilan o’raldi. Bino qurilishida tosh, pishiq g’isht, yog’och ishlatilgan, tom qismi esa yoysimon shaklga ega bo’lgan. Keyinchalik gumbazlar paydo bo’lgan. Sosoniylar davri saroylariga hashamatli ayvon va baland ustunlar xos. Eronning arablar tomonidan zabt etilishi (7-asr) me’morlikda yangi uslubdagi binolarning paydo bo’lishiga olib keldi. Bu davrda ko’plab karvonsaroy, masjid, minora, maqbara, Tim, madrasa va hammomlar qurildi. Devor bilan o’ralgan ko’plab shaharlar barpo etildi. Shaharning 4 darvozasini bog’lovchi 2 asosiy xiyobonning kesishgan nuqgasi saroy, bozor va masjid joylashgan Markaziy maydonni tashkil etdi. Ba’zi hollarda shahar markazida Ark barpo etildi. 12-asrga kelib masjid qurilishida Eronga xos uslub paydo bo’ldi (to’rt tomoni ayvon va boloxonalar bilan qurshalgan hovli hamda gumbazli bino). Masjid yonida yuqori qismi torayib boruvchi aylana minora qad ko’tardi. Bu paytgacha minoralar sakkiz burchak shaklida qurilgan. 13-14-asrlar o’rtalarida Eronda madrasa, masjid, xonaqoh va minoradan tarkib topgan yaxlit ansambllar paydo bo’ldi. Eron Temuriylar davlati tarkibiga kirgan davr (14-15-asrlar) da me’morlikda gumbazlarni ko’k koshin bilan bezash odat tusiga kirdi. Masjid, madrasa va boshqalar binolarning old qismiga koshinlardan rangli zeb berildi (Mashhaddagi Gavharshod begim masjidi, 1405-18, me’mor Qavomiddin Sheroziy). 14-16-asrlarda shahar qurilishi avj oldi, shahar ansambllari (Yangi Isfahon) bunyod etildi, saroylar devoriy rasmlar, mozaika bilan bezatildi (Isfahondagi Ali qopu, Chehel Sutun saroylari, Qazvindagi saroylar). Safaviylar davriga kelib, Eron me’morligida hashamatlilikka keng o’rin berildi, binolarni murakkab va ko’rkam naqshlar bilan bezash, ulkan favvoralar qurish rasm bo’ldi. Shaharlarda muhtasham majmualar qurish rejasi hayotga tatbiq etildi. Isfahondagi Shoh maydoni atrofida barpo etilgan saroy, masjid, karvonsaroy va bozor yaxlit me’moriy ansamblni tashkil etdi. 18-19-asrlarda yuz bergan iqtisodiy inqiroz Eronda qurilish ko’lamining keskin kamayishiga olib keldi. 20-asrga kelib, Eron me’morligida yangi shakldagi binolar paydo bo’ldi (Tehrondagi universitet binosi, 1930-yillar; Tehron yaqinidagi «Xilton» mehmonxonasi, 1962). Turar joy, ijtimoiy maskanlar, sanoat majmualari, ko’priklar qurilishida. oyna, metall va temirbeton konstruktsiyalar keng qo’llandi. Eron me’morlari binolarni barpo etishda zamonaviy me’morlik uslubi va milliy an’analardan foydalandilar (Hamadondagi Ibn Sino maqbarasi, 1952; Mashhaddagi Nodirshoh maqbarasi, 1961; Nishopurdagi Umar Xayyom qabri ustiga qurilgan pavilonrotonda, 1963). Tasviriy san’ati. Eron san’ati 8 ming yil davomida shakllanib kelgan. Eron hududidan topilgan g’orlardagi odam, hayvon, o’simlik va ov qurollarining devoriy rasmlari tasviriy san’atning ilk namunalari sifatida e’tirof etiladi. Miloddan avvalgi 12-7-asrlarga oid qabrlardan qimmatbaho metalldan ishlangan badiiy bezak buyumlar, bronza haykalchalar topilgan. Axomaniylar davrida kumush va oltindan yasalgan idishlar, zargarlik buyumlari, tamg’a, tangalar kandakorlik bilan bezatilgan. Sosoniylar davri tasviriy san’atida haykaltaroshlik asosiy o’rin egalladi (Mozandarondagi bronza byustlar), 9-13-asrlarda amaliy bezak san’ati rivojlandi. Nishopur, Koshon, Sultonobod kabi shaharlar kulollik markazlari sifatida Shuhrat qozondi. Har xil rangli shishalardan idish va buyumlar tayyorlandi. Eron milliy san’atining asosiy turlari (gilamchilik, sopol idishlarga chizilgan naqshlar, xattotlik) arablar bosqiniga qadar shakllandi, biroq o’zining yuksak cho’qqilariga Islom dini davrida erishdi. Eron tasviriy san’atiga geometrik shakllar, o’simlik naqshlari, afsonalardan olingan lavhalar, hayvonlar tasviri xosdir. G’arbda fors tasviriy san’ati miniatyura sifatida tanilgan. Eron rassomlari o’z asarlarida afsonaviy qahramonlar va shohlarni hamda Eron mumtoz adabiyoti asarlaridagi lavhalarni mohirlik bilan aks ettirdilar. Qur’on matnlarini bezash san’ati yuksak cho’qqilarga ko’tarildi. Eron Arab xalifaligi tarkibiga kirgandan so’ng xattotlik san’ati rivojlandi. Bu san’at turining rivojlanishi Temuriylar davriga to’g’ri keldi. Xattotlikning mohir ustasi Mir E’mod Hasaniy seyfi G’aznaviy (1617 yil vafot etgan) bo’lgan. Qojarlar sulolasi hukmronligi davrida xattotlikning «shikastanasta’liq» shakli ravnaq topib, hozirgi kunga qadar qo’llaniladi. 15-17-asrlar miniatyura san’atining rivojlanish davri hisoblanadi. Tabriz va Isfahon miniatyura maktablari Shuhrat qozondi. Bu davrda yaratilgan miniatyura asarlari naqshga boy bo’lib, ranglar jilosi va nafisligi bilan ajralib turadi. Eron miniatyuralarida realizm yo’nalishi ham keng o’rin olgan. Ushbu uslubning yorqin namoyandasi Rizo Abbosiyning asarlarida urush lavhalari, ayollar siymosi aks ettirilgan. Uning yaratgan miniatyuralari Isfahondagi Chehel sutun va Ali qopu saroylari devorlarida muhrlanib qolgan. 19-asrda Eron miniatyura san’ati G’arb madaniyati ta’siri ostida inqirozga uchradi. 20-asr boshlarida Eron rassomligida realizm yo’nalishi katta o’rin egalladi. Haykaltaroshlik, rassomlik san’ati va fafika (ayniqsa, kitob bezagi, reklama plakatlari) yuksala boshladi. Hasan Ali Vaziriy, Muhsin Muqaddam, Abulqosim Sodiqiy kabi rassom va haykaltaroshlar o’z asarlarida oddiy xalq hayotidan olingan lavhalarni aks ettirdilar. 1920 yil Kamol ulMulk Tehronda rassomlik va haykaltaroshlik maktabini tashkil etdi. Zamonaviy tasviriy san’at milliy maktabining asoschilaridan biri Akbar Tajvidiy (1925-95)dir. Hozirgi davrda tasviriy san’at an’analarini Eronning mashhur rassomlari M. Farshchiyon, A. Rustamiyon, P. Kalontariy, Yo.Tabotaboiy, Otashzod va boshqalar davom ettirmoqdalar. Tasviriy san’atda modernizm uslubi rivojlandi. 1959 yil Tehronda bezak san’ati oliy maktabi ochildi. Xalq san’atida yog’och, suyak, sadaf o’ymakorligi, kandakorlik rivojlangan (markazi — Isfahon va Sheroz). 2000 yil Eronda tashkil etilgan. Islom madaniyati va tasviriy san’ati bo’yicha turli yirik xalqaro badiiy ko’rgazmalar, xattotlar tanlovlari o’tkazish keng tus olgan. Musiqasi. Eronning mumtoz va xalq musiqasi uzoq o’tmishga borib taqaladi. qadimiy davr musiqasi haqida ma’lumotlar saqlanmagan, ammo musiqiy cholg’u va ohanglar Eron musiqa madaniyatining Mesopotamiya musiqiy an’analari bilan chambarchas bog’liqligini ko’rsatadi. Xalq musiqasida tasnif, tarona, qasida, g’azal, dastgoh keng tarqalgan. Eron milliy musiqa cholg’ulari: nay (nayilabak, «Haft band», nayianbon), surnay, kamoncha, qonun, setor, rubob, borbat, tor, santur, doira, to’nbak. 6-asrga kelib saroy san’ati, bastakorlar ijodi (Borbat va boshqalar) ravnaq topdi, xalq orasida mutriblar (xonandaraqqos) Shuhrat qozondi, musiqa nazariyasi shakllandi. Arab istilosi davrida Eron musiqasi arabmusulmon madaniyati ta’siriga uchradi, bir vaqtning o’zida Arab hamda fors musiqasi unsurlarini o’zlashtirdi. 13-asrda bastakor, musiqa nazariyotchisi Safiuddin alUrmaviy mashhur bo’ldi. 19-asr ning 2-yarmidan boshlab Eron musiqasiga Yevropa musiqasi ta’sir ko’rsatdi, Tehronda Shoh kolleji qoshida Yevropa uslubidagi musiqa maktabi ochildi. 20-asrning 20-yillarida bastakor, Tehron universiteti professor Ali Naqi Vaziriy milliy musiqa ta’limini yo’lga qo’ydi, musiqa nazariyasiga oid asar yaratib, musiqa maktabi ochdi. 30-yillarning boshlarida Tehronda Oliy musiqa maktabi (40-yillarda konservatoriyaga aylantirildi) o’z ishini boshladi, filarmoniya jamiyati (1940), X.Sanjariy rahbarligida simfonik orkestr (1946) tashkil topdi. A. Vaziriy, A. Sabo, A. Rashidiy kabi kompozitorlar mashhur bo’lgan. Hozirgi kunda Eronda, asosan, folklor guruhlari, milliy cholg’u ansambllari mavjud. Shu bilan birga 20-asr oxirlaridan milliy va Yevropa ohanglarini uyg’unlashtirgan Estrada va orkestr ijrosiga ham katta e’tibor berilmoqda. 1968 yildan Sherozda milliy san’at festivallari o’tkazib turiladi. Musiqa san’atini rivojlanishiga Mirzo Abdullo, Darveshxon, Mahmud karami, Faromirzo Poydur, Abu alhasan Sabo katta hissa qo’shgan, hozirda Husayn Malik, Tohir Zoda, Shahnoz, Shojarayon kabi san’atkorlar mashhur. Teatr sarchashmalari qadimiy marosimlardan boshlanadi. Ba’zi manbalarda qadimiy «bozigar» (o’rta asrlardagi masxarabozlar teatrini eslatadi) teatri to’g’risidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan. Eronda pantomima, qo’g’irchoq va soya teatrlari qadimdan mashhur. O’tmishda niqoblar namoyishi va marosim («sade») tomoshalari uyushtirilgan. 10-asrdan boshlab Imom Husayn vafotiga bag’ishlangan diniy yo’nalishdagi sahnalar qo’yilgan. 17-18-asrlarda fors tragediyasi turlaridan biri — ta’ziya vujudga keldi. 20-asrning 30-yillariga qadar Eronda masxarabozlar teatri mavjud bo’lgan. 1890 yil Tehronda saroy teatri tashkil topdi. 20-asr boshlarida Eronda «Farhang» («Madaniyat») teatr hissadorlik jamiyati ta’sis etildi. 1911 yil Eron milliy teatriga, 1917 yil Yevropa uslubidagi Eron komediya teatriga asos solindi. 1929 yildan boshlab Eron teatrlarida ayollar faoliyat ko’rsata boshladi. 1932 yil rassom S. Kermonshohiy Tehronda teatrstudiya tashkil etdi. Ushbu maskan mamlakatning ilg’or teatr san’ati markaziga aylandi. 1930-40 yillar teatrlarda, asosan, Yevropa dramaturglarining asarlari sahnalashtirildi. Eron teatr san’atining yuksalish davri 1960- yillarga to’g’ri keldi. 1963 yil Tehronda professional aktyorlarni tayyorlovchi drama studiyasi tashkil etildi, doimiy teatr guruhlari, jumladan «bugungi teatr» (rahbari M. Jafariy) va Milliy truppa (rahbari M. Javonmard) paydo bo’ldi. 1968 yildan Sherozda har yili teatr festivali o’tkaziladi. 1979 yilga qadar Eronda Varete teatri ham mavjud bo’lgan. Islom inqilobidan so’ng teatr san’ati inqirozga yuz tutdi. Hozirgi kunda diniy ruhdagi spektakllarni sahnalashtirish uchun ruxsat berilgan. Ayollarning teatrda faoliyat ko’rsatishi man etilgan. Kinosi. 1920 yilda Tehronda birinchi kinoteatr ochildi. 1930 yil komediya janridagi ilk badiiy film yaratildi. 1934 yil dastlabki ovozli film suratga olindi. 1946 yil «Mitrafilm» (1948 yildan «Forsfilm») kinostudiyasi tashkil etildi. 1950-yillarda suratga olingan «Port o’g’risi» filmi mamlakatning eng mashhur kino asariga aylandi. 60-yillarning oxiri — 70-yillarda tarixiy, afsonaviy, muhabbatni tarannum etuvchi film va musiqiy komediyalar, jumladan, «Mozandaron yo’lbarsi» (rejissyor S. Xachikiyon), «Intizorlik sohili» (rejissyor S. Yosimiy) kabi filmlar yaratildi. 1955 yildan Tehronda xalqaro, 1964 yildan milliy kinofestivallar o’tkaziladi. 1964 yil Kino san’atining oliy kengashi tuzilgan. Usha davrning taniqli rejissyorlari I. Kushon, M. Muhsiniy, S. Yosimiy, S. Xachikiyon, Sh. Rafiyo milliy kinematografiyani rivojlantirishga ulkan hissa qo’shdilar. 1970-yillarda yiliga 100 dan ortiq badiiy film yaratildi, mamlakatda 500 ga yaqin kinoteatr ishladi. Islom inqilobidan keyingi davrda kino san’ati inqirozga uchradi. Filmlar ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi (yiliga 30 ta). Mamlakatda aksariyat kinostudiya va kinoteatrlar o’z faoliyatini to’xtatdi. 1980-81 yillar bor-yo’g’i 11 film yaratildi. 1980-yillar oxiriga kelib kinematografiya qayta tiklana boshladi. Davlat tomonidan ko’rsatilgan yordam hamda G’arb filmlariga qo’yilgan cheklashlar evaziga Eronda o’ziga xos milliy kino yaratildi va iqtidorli kinoartistlar yetishib chiqdi. 1990-yillarning o’rtalarida Eron filmlari xalqaro miqyosga chiqdi. «Olcha ta’mi», «shamol bizni olib ketadi» (ikkalasining rejissyor A. Kiyorustami), «Qandahor» (rejissyor M. Maxmalbof), «Ota», «osmon bolalari», «Jannat rangi» (uchalasining rejissyor M. Majidiy) kabi filmlar Kann, Turin, Berlin va Moskva kino anjumanlarida e’tiborli sovrinlar sohibi bo’ldi. Bu filmlarda davrning ijtimoiy va madaniy muammolari, insonlar o’rtasidagi munosabatlar, hayot falsafasi haqqoniy aks ettirildi. O’zbekiston —Eron munosabatlari. Eron O’zbekiston Respublikasining mustaqilligini tan olib, ikki davlat o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatilgach, 1992 yil noyabrda Eronning Toshkentdagi elchixonasi, 1995 yil mayda O’zbekiston Respublikasining Tehrondagi elchixonasi o’z faoliyatini boshladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Eronga ilk tashrifi 1992 yil noyabrda bo’lib o’tdi. 2000 yil 10-11 iyunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Iqtisodiy Hamkorlik Tashkshyutiga a’zo davlatlar rahbarlarining Eronda bo’lib o’tgan 6-sammitida ishtirok etdi. 2003 yil 17-18 iyunda rasmiy tashrif bilan Eronda bo’ldi. 2002 yil 26-28 aprelda Eron Islom Respublikasi Prezidenti S.M.Hotamiyning O’zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Ana shu tashriflar natijasida ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarning shartnomaviyhuquqiy asoslari yaratildi. Ikki mamlakat o’rtasida transportkommunikatsiya, neftkimyo, bank, bojxona, farmasevtika, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va giyohvand moddalarning noqonuniy tarqatilishiga qarshi kurash sohalarida keng hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Hozirgi kunda O’zbekiston va Eron munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asosini 50 dan ortiq hujjat tashkil etadi. O’zbekiston Respublikasi va Eron o’rtasida savdoiqtisodiy sohadagi o’zaro manfaatli hamkorlikning tamoyil va yo’nalishlarini belgilab beruvchi bir qator davlatlararo va hukumatlararo shartnomalar hamda idoralararo hujjatlar imzolangan. Ikki tomonlama munosabatlar «savdo-iqtisodiy aloqalar to’g’risida», «sarmoyalarni o’zaro rag’batlantirish va himoya qilish», «Ikki tomonlama soliqqa tortishdan qochish va olingan foyda va kapitalga solinadigan soliqlar haqida ma’lumot bilan almashish to’g’risida»gi shartnoma va qator hukumatlararo memorandumlar bilan tartibga solinadi. 2004 yil yakuniga ko’ra, O’zbekiston va Eron o’rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 370 million AQSh dollarini tashkil etdi. Eron Islom Respublikasi O’zbekistonning 10 ta yetakchi savdo hamkori qatoridan joy olgan. Eron O’zbekistondan paxta tolasi, rangli metall va undan yasalgan buyumlar, qora metall va metall buyumlar, mineral yoqilg’i, neft va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar, mexanik stanoklar, xizmatlar, o’g’it, kimyoviy shtapel tolalari va hokazolar oladi va O’zbekistonga bog’dorchilik mahsulotlari, o’simlik va hayvon yog’i, poyabzal, kimyoviy ip, kir yuvish vositalari, gilam va gilam mahsulotlari, plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar, xizmatlar, to’qimachilik hamda organik kimyoviy mahsulotlar, kofe, choy, shirinlik va doridarmon yuboradi. 1993 yilning 18 oktyabrda imzolangan hujjat asosida O’zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o’rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo’yicha hukumatlararo komissiya tashkil etilgan. O’zbekistonda Eron sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 53 korxona bor, ulardan 40 tasi qo’shma korxona, 13 tasi esa 100% Eron sarmoyasi asosida ish olib bormoqda. Mazkur korxonalar asosan xalq iste’moli mollari, qandolat, tikuvchilik va qishloq xo’jalik mahsulotlari, qurilish materiallari hamda gilamlar ishlab chiqarish, shuningdek, yuk tashishga ixtisoslashgan. O’zbekistonning eksport yuklarini jahon bozorlariga olib chiqishda Eron transport kommunikasiyalaridan ham keng foydalanilmoqda. O’zbekiston temir yo’lchilari faol ishtirok etgan Tajan — Saraxs — BandarAbbos t.y. yo’nalishining ishga tushirilishi (1996) O’rta Osiyoda joylashgan davlatlarga Fors qo’ltig’i orqali jahon bozoriga chiqish imkonini berdi. 1993 yil 17 martda «O’zbekiston havo yo’llari» milliy aviakompaniyasi va Eronning fuqaro aviasiyasi tashkiloti tomonidan ikki mamlakat o’rtasida havo qashovini yo’lga qo’yish bo’yicha anglashuv memorandumi imzolandi. 1994 yil avgustdan boshlab «Eron Eyr» aviakompaniyasining havo kemalari haftasiga bir marta Tehron — Toshkent — Tehron yo’nalishi bo’yicha muntazam havo qatnovini amalga oshirmoqda. 2002 yil Samarqand shahridagi Panjob madaniyat markazi qoshida Eron bilan hamkorlikda Panjob shifoxonasi ochilgan. Shuningdek, Samarqandda Eronning «Doktor Obidiy» farmasevtika shirkati bilan qo’shma korxona tuzilgan. Ikki davlat o’rtasidagi madaniy va ma’rifiy aloqalar 1999 yil 8 sentyabrda ta’sis etilgan «O’zbekistoneron» do’stlik jamiyati doirasida olib borilmoqda. Oybek Eshonov.