ERONIY TILLAR

ERONIY TILLAR — hind-yevropa tillari oilasining hinderon tarmog’iga mansub tillar guruhi. Asosan, Eron, Afg’oniston, Tojikiston, shuningdek, Turkiya, Iroq, Suriya, Pokiston va Hindistonning ba’zi hududlarida, Rossiya Federatsiyasining Shimoliy Osetiya— Alaniya Respublikasida, Gruziyaning Janubiy Osetiya Muxtor viloyatida, Kavkaz va O’rta Osiyoning boshqa ayrim yerlarida tarqalgan. Avvalroq Shimoliy Qora dengiz bo’ylari, Turkmaniston, Sharqiy Turkiston, Sharqiy Pomirda ham alohida tarqalish markazlari bo’lgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 100 million kishiga yaqin (20- asr oxirlari). Tarixiy-genetik tasnif bo’yicha Eroniy tillar 2 asosiy guruhga bo’linadi: g’arbiy va Sharqiy; ularning har biri, o’z navbatida, shimol va Janub guruhchalarga ajraladi . Shimoliy g’arbiy Eroniy tillarga Midiya tili va Parfiya tili kabi o’lik tillar hamda kurd, baluj, Gilon, Mozandaron, tolish kabi jonli tillar, shuningdek, Eron, Iroq, Turkiyadagi bir qancha mayda, yozuvsiz tillar, parachi va ormuri tillari kiradi. Janubiy g’arbiy Eroniy tillarga qadimiy fors va o’rta fors kabi o’lik tillar hamda fors, tojik, dari (forsi Kobuliy), Xazora, kumzari kabi jonli tillar, Erondagi boshqa bir qancha mayda til va lahjalar kiradi. Shimoliy Sharqiy Eroniy tillarga skif, Alan, Sug’d, Xorazmiy singari o’lik tillar hamda osetin, yag’nob kabi jonli tillar kiradi. Janubiy Sharqiy Eroniy tillarga Baqtriya tili, sak tillari kabi o’lik tillar hamda pushtu (afg’on) tili va bir qancha til guruhlarini qamrab olgan Pomir tillari, boshqa jonli tillar kiradi. O’lik tilga aylangan Avesto tilida ham g’arbiy, ham Sharqiy Eroniy tillarning belgilari mavjud bo’lgan. Eroniy tillar tipologik jihatdan bir xil emas. qadimiy (o’lik) va hozirgi (jonli) Eroniy tillar hamda garbiy yoki Sharqiy guruhchalarga mansub Eroniy tillar o’zaro ma’lum fonetik, grammatik va leksik o’ziga xosliklarga ega. Ayrim o’lik va jonli Eroniy tillarning xususiy lingvistik jihatlari haqida qarang: Parfiya tili, skif tili, Sug’d tili, Xorazmiy tili; baluj tili, dari tili, kurd tili, osetin tili, Pomir tillari, pushtu tili, tojik tili, fors tili. Eroniy tillarning tarixi shartli ravishda 3 davrga bo’linadi: 1) qadimiy (miloddan avvalgi 2-ming yillik boshlaridan miloddan avvalgi 4-3-asrlargacha) — Midiya, Avesto, qadimiy fors, skif tillari; 2) o’rta (miloddan avvalgi 4-3-asrlardan milodiy 8-9-asrlargacha) — o’rta fors (pahlaviy), Parfiya, Baqtriya, Sug’d, Alan tillari; 3) yangi (milodiy 8-9-asrlardan) — fors, tojik, pushtu, dari, osetin, kurd va yozuvsiz Pomir tillari. Bu tasnif ekstraling-vistik (madaniy-tarixiy va boshqalar) belgilarga asoslangan. Lingvistik belgilarga qarab esa 2 davr farqlanadi: qadimiy (qadimgi fors, Avesto, Midiya, skif tillari) va keyingi (boshqa barcha tillar). Qadimgi fors tilining ilk yozma yodgorliklari miloddan avvalgi 6-asrga mansub bo’lib, mixxatda yozilgan. Asrlar mobaynida og’zaki yashab kelgan avestoviy matnlar taxminan milodiy 4-asrda o’rta fors yozuvi asosidagi maxsus alifboda ko’chirilgan. O’rta fors (milodiy 2-3-asrlar), Parfiya (miloddan avvalgi 1-asr), Sug’d (milodiy 4-asr) va qisman Xorazmiy (miloddan avvalgi 3-asr) tillaridagi yodgorliklar oromiy yozuvining turli ko’rinishlarida bitilgan (xorazmiycha matnlarning bir qismi Arab yozuvida 12-13-asrlarda yozilgan Arabcha matnlar tarkibida ham uchraydi). Xo’tansak tili (milodiy 7-asr) brahmining bir turidan; Baqtriya tili (milodiy 2-asr) yunon alifbosidan foydalangan; fors, dari, pushtu, baluj tillarida turli o’zgarishlarga uchragan Arab alifbosidan, tojik, osetin, tot tillarida esa rus alifbosidan foydalaniladi. Kurdlar, yashash sharoitlaridan kelib chiqib, rus (Zakavkaze), lotin (Suriya va Iroq) va Arab yozuvlaridan foydalanadilar. Boshqa Eroniy tillar o’z yozuviga ega emas. Ad.: Oranskiy I. M., Vvedenie v iranskuyu filologiyu, M., 1960; Oranskiy I . M ., Iranskie Yazmki v istoricheskom osveshenii, M., 1979; osnovn iranskogo yazmkoznaniya, kn. 1-4, M., 1979-87. Anvar Ismoilov.