GAVDA VAZNI

GAVDA VAZNI (antropologiyada), odamning og’irligi yoki massasi — jismoniy taraqqiyot va tan sihatlikning asosiy ko’rsatkichlaridan biri. U yoshga, jinsga, bo’y-bastga, mehnat va turmush tarziga, ovqatga va tashqi muhitning boshqa omillariga bog’liq. Gavda vazni shuncha bo’lishi kerak degan aniq bir chegara qabul qilinmagan, lekin odam etarli va to’g’ri ovqatlanmaganda, moddalar almashinuvi buzilganda, endokrin va asabiy-ruhiy kasalliklarda Gavda vazni kamayadi. Jismoniy tarbiya va sport mashg’ulotlari, ko’p terlash va pust tashlashdan (chaqaloqlarda) keyin Gavda vazni ancha kamayadi, aksari oradan ma’lum muddat o’tgach, avvalgi asliga keladi. Ovqatga ruju qilish, badan tarbiya va boshqalar faol harakatlar qilmaslik kishining semirib, Gavda vaznining ortib ketishiga sabab bo’ladi.