G’AZA

G’AZA — shahar-qal’a. Sirdaryo bo’yida joylashgan 7 shahar-qal’adan biri. Aleksandr Sug’dda Spitamen boshchiligida qo’zg’olon ko’tarilganidan xabar topgach, sarkardasi kraterni Kiropolga jo’natib, o’zi qarorgohiga yaqin joydagi shahar — G’azaga qo’shin tortgan. G’azaning paxsadan ishlangan, uncha baland bo’lmagan mudofaa devori bo’lgan. Makedon qo’shini G’azani bir hamla bilan olish niyatida devor atrofiga shotular o’rnatgan. Biroq mudofaachilar ularni ag’darib tashlagan. Piyodalar hujumga tashlangan chog’da, kamonchilar va sopqonchilar devor tepasidagi shahar mudofaachilarini o’qqa tutishgan. Ularga qarshi o’q otuvchi moslamalardan ham foydalanishgan. O’qlar yomg’iri ostida qolgan G’aza mudofaachilari devor tepasidan pastga tushishga majbur bo’lishgan. Shunda makedonlar devorga yana shotularni qo’yib devor tepasiga chiqqanlar. G’azadagi barcha erkak aholi Aleksandrning buyrug’iga ko’ra qatl etilgan; ayollar, bolalar va boshqa jangchilarga o’lja sifatida berilgan. Manba: Arrian, poxod Aleksandra, M.-L., 1962.