GAZLI
GAZLI — Buxoro viloyati Romitan tumanidagi shahar (1977 yildan). Qizilqum cho’lida joylashgan. Buxoro shahridan 106 kilometr shimoli-g’arbda. Aholisi 8,2 ming kishi (2001). Gazli yirik gaz konlarining topilishi (1956) natijasida vujudga kelgan. 1960-yillarda Gazlidan Ural (Yekaterinburg, 2100 kilometr)ga, Rossiya Yevropa qismining markaziga, Toshkentga gaz quvurlari o’tkazilgan. Gazlida gaz va neft konlarini qidiruvchi «Buxoroneftgaz» birlashmasi, o’rta maktab, kinoteatr, madaniy-maishiy xizmat tarmoqdari bor. Gazli Buxoro — Urganch avtomagistrali yoqasida.