G’IYOSIDDIN PIRSHOH

G’IYOSIDDIN PIRSHOH (? -1229) — Muhammad Xorazmshohning o’g’li. Jaloliddin Manguberdining ukasi. 1217 yil Xorazmshoh G’iyosiddin Pirshohga Kermon, Kesh va Makron viloyatlarini bergan. G’iyosiddin Pirshoh davlati hududiga mo’g’ullar 10 ming otliq qo’shin bilan hujum qilganda u qarshilik ko’rsatmay Iroqni talon-taroj etilishiga yo’l qo’yib bergan. Mo’g’ullar ketgandan so’ng, ularning o’rniga mahalliy turkiy amirlar mamlakatni g’orat qila boshlaganlar. G’iyosiddin Pirshoh ularni tinchitish uchun turli harbiy darajalar bera boshlagan: amirni Malik, Malikni esa xon darajasiga ko’targan. G’iyosiddin Pirshoh davlat ishlariga layoqatsiz bo’lib, bu ish bilan onasi Bakluyo shug’ullangan, shu sababli u Turkon xotun kabi Xudovandi Jahon laqabini olgan. Raiyat saltanatdagi beboshlik, adolatsizlikdan norozi edi. Jaloliddin Hindistondan qaytgach, bular barham topgan. G’iyosiddin Pirshoh Jaloliddinning Gruziyaga qilgan yurishida (1225) qatnashib qo’shinning so’l qanotini boshqargan. 1227 yil mo’g’ullarning Bayju no’yon, Taynal no’yon va boshqa rahbarligidagi qo’shini bilan Isfahon yaqinida bo’lgan jangda G’iyosiddin Pirshoh xiyonatkorona ravishda o’ziga tegishli askarlar va Jaloliddinning Jahon Pahlavon elchi boshchiligidagi harbiy qismi bilan jang maydonini tark etgan. G’iyosiddin Pirshoh Huzistonga yo’l olib, u yerdan xalifaga elchi yuborib akasini tark etgani, xalifalikka qo’shni bo’lib yashamoqchiligini bildirgan. Huzistondan Alamut, so’ng Kermonga Baroq Hojib huzuriga qochgan. Baroq zo’rlik bilan G’iyosiddin Pirshohning onasiga uylangan, bir ozdan keyin ularni o’ziga nisbatan suiqasd qilishda ayblab onasini, vazir Karim ash-Sharq va Jahon Pahlavon elchini qatl ettirgan, G’iyosiddin Pirshohni esa, qal’aga qamab qo’ygan. Faxriddin Hasanov.