GUMANIZM

GUMANIZM (lot. humanus – insoniy) — odamlarga mehr-muhabbat bilan qarash, ularni hurmat qilish, insonning moddiy farovonligini yuksaltirish va kishilarda yuksak ma‘naviy fazilatlarni rivojlantirishga g’amxo’rlik qilish. Tor ma‘noda – Uyg’onish davri (XIII-XVI asrlar) da sholastikaga va cherkovning ma‘naviy hukmronligiga qarshi turgan dunyoviy hurfikrlilik. G’arbiy Yevropadagi bir necha mamlakatlarda Gumanizm ijtimoiy tafakkur sohasida, adabiyot, san’at va ilm-fanda katolisizmga va shaxsning qulligiga qarshi qaratilgan ilg’or harakat edi. Gumanizm tarafdorlari o’z zamonasining taraqqiyparvar kuchlari bo’lgan. Ular inson huquqi va olijanob fazilatlar, ilmma‘rifat va hurriyat uchun, kishilarning har tomonlama erkin rivojlanishi uchun kurash olib bordilar.