Hayitova Olmaxon

Hayitova Olmaxon (1940.6.3, Xonqa) — xonanda, O’zbekiston xalq artisti (1993). Ashula aytishni dastlab O’.Saidov, keyinchalik K.Otaniyozovdan o’rgangan. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1974). Ayollar orasida tor chalib kuylashni rasm qilganlardan biri. Yangiyo’l teatri (1958-59), «Xorazm» (hozirgi «Lazgi») ansambli (1959 yildan)da yakkaxon xonanda. «O’zbeknavo» birlashmasining Xorazm viloyati bo’limi rahbari (1995 — 2003), Toshkent madaniyat institutida professor (2003 yildan). Hayitova barcha pardalarda jarangdor. kuchli va keng diapazonli ovoz sohibasi. Repertuaridan ommabop qo’shiqlar, mumtoz ashulalar («Feruz — 1», «Toshkent irog’i» va boshqalar), Xorazm xalq doston qo’shiqlari («oshiq G’arib va Shohsanam»dan «ozod qil», «Bilo-bilmadim», «xatingni» va boshqalar), bastakor va kompozitorlar asarlari (Hoji Abdulazizning «Guluzorim», «Samarqand Ushshog’i», K. Otaniyozovning «Naylayin», S. Hayitboevning «O’zbekiston gullari» va boshqalar), shuningdek, turkman, Ozarbayjon xalq qo’shiqlari o’rin olgan. Ijrolari O’zbekiston radiosi fonotekasiga (jami 250 dan ortiq), bir necha gramplastinka («O’zbekiston gullari», 1976 va boshqalar) va audiokassetaga yozilgan. Hayitova ijodiga bag’ishlangan «olmaxon Hayitova kuylaydi» telefilmi ishlangan (1982). Bir qator mamlakatlarda gastrolda bo’lgan.