Hayitmetov Abduqodir Hojimetovich

Hayitmetov Abduqodir Hojimetovich (1926.27.5, Dang’ara tumani Qiyoliqum qishlog’i — 2005.7.5, Toshkent) — adabiyotshunos olim. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1978), Filologiya fanlari Doktori (1965), professor (1970). O’rta Osiyo universitetining sharqshunoslik fakultetini tugatgan (1949). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutida kichik (1953-57), katta ilmiy xodim (1957-67), direktorning ilmiy ishlar bo’yicha o’rinbosari va bo’lim mudiri (1967-70; 1971-98), ilmiy maslahatchi (1998-2003), yetakchi ilmiy xodim (2003 ydan). Hayitmetovning adabiy-ilmiy faoliyati 50-yillarda hikoya va maqolalar yozish bilan boshlangan. Keyinchalik u faqat ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug’ullangan va uning ilmiy faoliyati, asosan, buyuk o’zbek shoiri Alisher Navoiy ijodini o’rganishga bag’ishlangan. Hayitmetov «Alisher Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlari» (1959), «Navoiy lirikasi» (1961), «Navoiyning ijodiy metodi» (1963), «Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan», «Navoiy dahosi» (1970), «Hayotbaxsh chashma» (1974), «Navoiyxonlik suhbatlari» (1993) kabi asarlari bilan navoiyshunoslik fanini yangi bosqichga ko’targan. Hayitmetov ilmiy faoliyatining muhim qismini o’zbek mumtoz adabiyoti tarixini yaratish bilan bog’liq ishlar tashkil etadi. Uning ilmiy rahbarligi va bevosita ishtirokida o’zbek tilida 5 jildli (1977-80), rus tilida 2 jildli (1991-92) «O’zbek adabiyoti tarixi» yaratilgan. Bundan tashqari, olim 4 jildli «O’zbek adabiyoti» majmuasi, 3 jildli «O’zbek poeziyasi antologiyasi», Alisher Navoiyning 15 va 20 jildli asarlar to’plamlarini tuzishda faol ishtirok etgan. Navoiyning «Hayrat ul-Abror» hamda «Farhod va Shirin» dostonlarining nasriy variantlarini tayyorlab nashr etgan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1967, 1992). «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan (2003). As: tabarruk izlar izidan, T., 1979; meros va ixlos, T., 1985; Navoiyxonlik suhbatlari, T., 1993; Temuriylar davri o’zbek adabiyoti, T., 1996. Ad.: Abduqodir Hojimetovich Hayitmetov (biobibliografiya), T., 1986; Vohidov R., Navoiy qalbila sirlashgan inson, T., 1999.