Hayit zilzilasi

Hayit zilzilasi – 1949 yil 10 iyulda Tojikistonning Hayit, Jirg’atol, garm, Qal’ai-Dabiob kabi aholi punktlari va atrofdagi hududlarda sodir bo’lgan. Zilzila o’chog’i 16 kilometr chuqurlikda joylashgan, kuchi 10 ball, magnitudasi 7,5 bo’lgan. Hisor tog’ tizmasining Janub etaklarini larzaga keltirgan bu zilzila to’satdan katta zarb bilan boshlangan, natijada 150 dan ortiq qishloq bir zumda xarob bo’lgan. 9 balli episentr zonasi g’arbdan-sharqqa cho’zilgan bo’lib, uzunligi 60-65 kilometr va eni 6-10 kilometrli maydonni o’z ichiga olgan. Zilzila paytida Chokurak tog’ining katta qismi Obidara-hovuz daryosi darasiga qulab tushgan. Toshutuproq aralash bo’lgan bu qatlam Daryo suvi bilan katta tezlikda pastga qarab vodiy tomon harakat qilgan. Natijada uyumlar balandligi 700 metr, uzunligi 5 kilometr va eni 1 kilometr keladigan bahaybat ko’chki hosil qilib, Hayit qishlog’ini butun aholisi bilan ko’mib yuborgan. Qo’shni Surxob va Yasman daryolari yon atroflarida ham bir qancha katta, kichik ko’chkilar harakatga kelgan, ba’zi joylarda yer yoriqlari paydo bo’lgan. Bu yoriqlar bo’yicha tog’ jinslari qatlamlarining bir-biriga nisbatan siljishlari quzatilgan. Dastlabki asosiy zilziladan keyin bu joylarda tebranishlar yana bir necha marta takrorlanib kuchi 8 ballga yetgan. Zilzila natijasida jami 33 ta qishloq tog’jinslaridan hosil bo’lgan uyumlar ostida qolgan va 12000 kishi halok bo’lgan.