Hayit

Hayit (Arabcha Iyd — bayram) — musulmonlarning diniy bayrami. Islom an’anasida ikkita Hayit rasman diniy bayram sifatida nishonlanadi: katta Hayit yoki qurbon Hayiti (Arabcha Iyd al-Kabir, Iyd al-Adho) va kichik Hayit yoki ro’za Hayiti (Arabcha Iyd as-sag’ir, Iyd al-fitr). Qurbon Hayiti haj marosimi va qurbonlik qilish bilan, ro’za Hayiti esa Ramazon oyi nihoyasida og’iz ochish bilan bog’liq. Qurbon Hayiti hijriy zu-l-hijja oyining 10-kunida, ro’za Hayiti esa shavvol oyining 1-kunida bayram qilinadi. Hayitda masjidda ertalab Hayit namozi o’qish, ro’za Hayitida fitr-sadaqa berish (Hayit namozidan oldin), qurbon Hayitida esa qurbonlik qilish va shu kabilar. Islom bilan bog’liq marosimlar yuzaga kelgan. Hayitdagi bu marosimlarga ko’p joylarda xalqlarning mahalliy odatlari — arafa kuni osh ulashish, yangi kiyim kiyish, «hayitlik» berish, sayil qilish, yaqin odamlarini ko’rish va hokazolar ham qo’shilib ketgan. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, qurbon Hayiti ham, ro’za Hayiti ham umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo’ldi.