Hayvonlar migratsiyasi

Hayvonlar migratsiyasi (lotincha gp1§ga11op — ko’chish, ko’chib o’tish) — bir-biridan uzoqda joylashgan va o’zaro keskin farq qiladigan yashash muhitlari o’rtasida hayvonlarning qonuniy ko’chib yurishi. Hayvonlar migratsiyasi yashash joyida muhit sharoitining o’zgarishi yoki rivojlanishning’ har xil davrlarida hayvonning yashash muhiti sharoitiga talabining o’zgarishi (ontogenetik migratsiya) bilan bog’liq. Hayvon yashaydigan joyda yashash sharoitining o’zgarishi ta’sirida sodir bo’ladigan Hayvonlar migratsiyasi davriy (mavsumiy, sutkalik) yoki nodavriy bo’lishi mumkin. Hayvonlar, odatda, ajdodlari o’tgan yo’l orqali migratsiya qiladi. Davriy (tsiklik) migratsiya har xil: vertikal (sut emizuvchilar, qushlar va hasharotlarning tog’ning vertikal mintaqalari bo’yicha, umurtqasizlarning tuproq va suv qatlamlari bo’yicha migratsiyasi), anadrom (o’tkinchi baliqlarning dengizlardan daryolarga o’tishi), katadrom (o’tkinchi baliqlarning daryolardan dengizlarga o’tishi) xillarga ajratiladi. Dengiz toshbaqalari va sut emizuvchilarining okeanlarda, tuyoqli, yirtqich va kemiruvchi sut emizuvchilarning quruqlikda, ko’pchilik qushlar, ko’rshapalaklar va hasharotlarning havo orqali migratsiyasini ham davriy deyish mumkin. Davriy bo’lmagan, ya’ni sporadik migratsiya — o’troq yashovchi hayvonlar (olmaxonlar, lemminglar va boshqalar) yashash muhitining yomonlashuvi (qurg’oqchilik, yong’in, toshqin va boshqalar), individlar sonining oshib ketishi natijasida sodir bo’ladigan ommaviy ko’chishi. Bu xildagi migratsiya tartibsiz sodir bo’ladi va ko’p hollarda hayvonlarning yalpi qirilib ketishiga olib keladi. Ontogenetik migratsiya — rivojlanishning har xil davrlarida hayvonlarning yashash muhiti sharoitiga talabining o’zgarishi bilan bog’liq. Bunday migratsiya lichinkalik (o’troq yashovchi assidiyalar, korall poliplar, g’ovaktanlilar, qalqondorlar va boshqalar) yoki jinsiy voyaga yetgan davrda sodir bo’lishi mumkin. Faol migratsiya qilish uchun hayvonlar vaqt va yo’nalishni biologik sezish qobiliyatiga ega bo’lishi kerak. Migratsiya hayvonlarni tamg’alash va eksperiment orqali o’rganiladi.