Hazrati Xizr masjidi

Hazrati Xizr masjidi — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (19-asr o’rtalari); afsonaviy o’lmas shaxs Hazrati Xizr nomi bilan bog’liq. Bino Shohizinda I majmuasi qarshisidagi tepalikda joylashgan qadimgi masjid poydevori ustiga qurilgan (mehrobdagi yozuvga ko’ra 1855 yil). Masjid xonaqoh, uning 2 yonida hujralar, qo’shimcha xonalar, omborxona, minoradan iborat; keyinchalik binoga qo’shimcha ayvon (1899), darvozaxona (1919) qurilgan. Bosh tarzidagi’ tik zinapoyadan darvozaxonaga chiqiladi, undan uncha katta bo’lmagan xonaga kiriladi. Darvoza peshtoq- gumbazli, peshtoqning 2 burchagiga qubbasi qovurg’ali guldasta-minoralar ishlangan; peshtoqning chap tomonida ravoqli, o’ymakori bezatilgan 5 ta yog’och ustunli peshayvon jozibador naqshlar bilan serhasham bezatilgan, qirma usulidagi ganch bezaklar mahorat bilan ishlangan. Peshayvondan baland gumbaz bilan yopilgan xonaqohga utiladi. Tashqarisi piltavor gumbaz 8 qirrali poygumbazga o’rnatilgan, oralig’i muqarnaslar bilan ziynatlangan. Peshtoq hamda qafasali minora koshinkori bezatilgan, peshtoq poy-gumbaziga ravoqli darchalar ishlangan. Bino 20-asr 90-yillarida qayta ta’mirlandi.