Huquq normasi

Huquq normasi – davlat tomonidan belgilanadigan, muayyan shaklda ifodalanadigan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy yurish-turish qoidasi. Huquq normasi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, huquq manbaining boshqa turlari shaklida namoyon bo’ladi. Huquq tarmoqlariga bog’liq holda ma’muriy-huquqiy, jinoiy-huquqiy huquq normalari, mehnat, ekologiya, xalqaro, konstitusiyaviy, xo’jalik va huquqning boshqa tarmoqlariga oid huquq normalari farqlanadi. Amal qilish vaqtiga ko’ra, doimiy (rasmiy bekor qilingunga qadar amal qiladigan) va vaqtinchalik (faqat muayyan vaqt oralig’ida amalda bo’luvchi) Huquq normasi bo’ladi. Huquq normasi amal qilish hududiga qarab, umumiy va mahalliy normalarga bo’linadi, bunda birinchisi butun mamlakat hududida amal qilsa, ikkinchisiga kiradigan normalar ma’lum hududlarda amal qilishi mumkin. Huquq normasi sub’yektlariga qarab, umumiy va maxsus normalarga ajraladi, bunda birinchisi hamma huquq sub’yektlari uchun, ikkinchisi esa, aholining muayyan guruhi yoki aniq belgilangan doiradagi sub’yektlar (pensionerlar, nogironlar, ichki ishlar xodimlari va shu kabilar) uchun taalluqli bo’ladi. Bulardan tashqari, Huquq normasini boshqa qator mezonlar asosida tasniflashlar ham mavjud. Huquq normasi o’z ichki tuzilishiga ega bo’lib, 3 qismdan iboratdir: gipoteza, dispozisiya, sanktsiya. Gipotezada Huquq normasida belgilanadigan qoida qanday sharoitda va holatda kim tomonidan amalga oshirilishi ko’rsatiladi. Dispozisiyada gipotezada ko’rsatilgan hollardagi munosabatlar ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari ifodalanadi. Sanktsiya dispozisiyada ko’rsatilgan qoidani buzgan shaxsga nisbatan davlat organi qo’llashi mumkin bo’lgan ta’sir chorasini belgilaydi. Konstitutsiyaviy normalar 3 qismdan emas, asosan gipoteza va dispozisiyadan iborat bo’ladi. Jinoiy va ma’muriy javobgarlikni ko’zda tutuvchi normalar esa — asosan dispozisiya va sanktsiyadan iborat bo’ladi (masalan, Jinoyat va ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodekslarning maxsus qismi normalari). Mahmud Najimov.