Ichki xo’jalik rejasi

Ichki xo’jalik rejasi – xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning belgilangan maqsadlari va unga erishish chora-tadbirlari majmui. Ichki xo’jalik rejasi muayyan xo’jalik yurituvchi sub’yektning ixtisoslashuvi va mavjud ishlab chiqarish resurslarini hisobga olgan holda belgilanadigan vazifalar hamda ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini aks ettiruvchi ichki me’yoriy hujjatdir. Bozor iqtisodiyoti sharoitida Ichki xo’jalik rejasi bevosita u yoki bu mahsulot (tovar)ga nisbatan talab va taklif, sifat jihatdan iste’mol qilinish darajasi, narx va boshqa omillar asosida belgilanadi. Ichki xo’jalik rejasida belgilangan barcha vazifa va chora-tadbirlar xo’jalik yuritish sub’ektining biznes rejasida aks ettiriladi. Biznes rejani tuzishda xo’jalikdagi tashkiliy, iqtisodiy, tabiiy (masalan, qishloq xo’jalik korxonalarida) omillar asosida har bir tarmoqning ishlab chiqarish salohiyatiga erishish, tarmoqlarning muqobil uyg’unligini ta’minlash hamda ilg’or texnologiya, texnika va tajribalarni tadbiq qilish asosida kam xarajat evaziga eng yuqori daromad (sof fonda) olish, xo’jalikni barqaror rivojlantirish va raqobatbardosh tovarlar bilan bozorlarni egallash asosiy vazifalar sifatida tan olinadi.