Idiku ibn Qutlug’qabo

Idiku ibn Qutlug’qabo (rus solnomalarida — Edigey, Edigey) (1352— 1419) — No’g’ay O’rda xoni (1396 yildan), Oltin Urdada amiri lashkar (1397 yildan), uning amaldagi hukmdori (1399— 1412). Mang’it biy (bek)laridan bo’lmish Idiku 1377 yil Oltin O’rda xoni O’rusxon ta’qibidan qochib Amir Temur huzuriga kelgan va uning qo’shinida amirlik qila boshlagan. 1391 yil Amir Temurning To’xtamishta qarshi yurishida ishtirok etgan. So’ng, 1396 yil Idil (Volga) va yoyiq (Ural) daryolari oralig’idagi hududda Oltin O’rdadan mustaqil No’g’ay O’rda davlatini tashkil qilgan. 1397 yil Oltin O’rdani zabt etib, O’rusxonning nabirasi Temur Qutlug’ni rasman taxtga o’tqazgan bo’lsada, amalda davlatni o’zi idora qilgan, hokimiyatni qo’ldan chiqarmaslik maqsadida 20 ta o’g’lini Oltin O’rdaning turli viloyatlariga noib etib tayinlagan. Temur Qutlug’ vafot etgach (1399), Idiku taxtga unin go’g’li Shodibekni o’tqazgan. Ammo, Shodibek To’xtamish bilan til biriktirib Idikuga qarshi jang qilgan, engilgach, Darbandga qochgan. Shundan keyin Idiku Oltin O’rda taxtiga Shodibekning o’g’li po’lod Sultonni o’tqazib, Litva knyazi Bumoem (1350-1430) va uning panohiga qochib borgan To’xtamishga qarshi yurish qilgan hamda ularning Birlashgan qo’shinini Vorskla daryosi bo’yidagi jangda tor-mor keltirgan (1399). 1408 yil Idiku Oltin O’rdaga xiroj to’lamay qo’ygan Rusga bostirib kirib, uning ko’plab shaharlari (Serpuxov, Dmitrov, Rostov, Pereyaslavl, Nijniy Novgorod va boshqalar) ni vayron qilgan, Moskvani esa qurshab olib, katta tovon evazigagina vayron etmay ortiga kaytgan. Idiku 1410-12 yillarda Oltin O’rda shahzodalari o’rtasida bo’lgan taxt uchun kurash oqibatida hokimiyatdan ajrab, Xorazmga qochgan, lekin Shohrux tomonidan u yerdan quvib chiqarilgan (1414). So’ng, u To’xtamishning o’g’illari Karimberdi va Qodirberdi bilan bo’lgan jang (1419) da o’ldirilgan. O’zbek, qozoq, turkman, no’g’ay, tatar va boshqa turkiy xalqlar orasida tarqalgan «Idiku» («Edigey») dostoni Idiku xususidadir. Ad.: Grekov B. D., Ya kubovskiy A. Yu., Oltin O’rda va uning qulashi, T., 1964; Ibn Arabshoh, Amir Temur tarixi, T., 1992. Nashi Norkulov.