Ijro etuvchi hokimiyat

Ijro etuvchi hokimiyat – davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi hokimiyat va sud hokimiyati kabi mustaqil tarmoqlaridan biri. Joriy qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarga asoslanib, boshqaruv vazifalarini bajaradi (davlat boshlig’i, hukumat). Qonun chiqaruvchi hokimiyat hujjatlarini ijro etish maqsadida o’z qaror va farmoyishlarini qabul qiladi, odatda, davlat boshlig’i (Prezidenti) ning bevosita rahbarligi va nazorati ostida ish ko’radi. Ijro etuvchi hokimiyat mintaqaviy va mahalliy darajada mahalliy o’zini-o’zi boshqarish organlari (hokim, oqsoqol, gubernator, mer, Prefekt) tomonidan amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasida hukumat — O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat xokimiyatining oliy ijrochi va boshqa-ruvchi organi hisoblanadi. U iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyat ko’rsatishiga, qonunlar ijro etilishiga, Oliy Majlisning qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining bajarilishiga rahbarlikni ta’minlaydi. Mahalliy Ijro etuvchi hokimiyat organlari O’zbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshiradi. Viloyat, tuman va shaharlarda Ijro etuvchi hokimiyatni hokim boshchiligidagi viloyat, tuman va shahar hokimliklari boshqaradi.