Ijod
Ijod — insonning yangi moddiy va ma’naviy ne’matlar yaratish faoliyati. Unda inson tafakkuri, xotirasi, tasavvuri, diqqati, irodasi faol ishtirok etadi, butun bilimi, tajribasi, iste’dodi namoyon bo’ladi. Ijod dastlab inson tasavvurida tug’iladi, keyin Ijodga taalluqli masalalar yuzasidan izlanishlar olib boriladi, boshqalar bajargan ishlar tanqidiy ko’rib chiqiladi, taxlil etiladi, kuzatishlar, tajribalar o’tkaziladi, mantiqiy xulosalar chiqariladi, gipotezalar qilinadi, bular tajribada sinab ko’riladi, noto’g’ri bo’lsa yangilanadi va hokazolar. Izlanishlar natijasi turli shakllarda (badiiy asar, matematik formula va boshqalar) yuzaga chiqadi. Uni jamiyat e’tirof etsagina haqiqiy, to’liq Ijod bo’ladi. Ijod fan-texnikani, madaniyatni boyitadi, rivojlantiradi. Ijodni shartli ravishda 2 ga: ilmiy Ijod va badiiy Ijodga bo’lish mumkin. Olimlar faoliyati ilmiy Ijodga, san’atkorlar, yozuvchilar faoliyati badiiy Ijodga qaratilgan. Ba’zi kishilarda har ikki Ijod rivojlangan bo’lishi mumkin. Ilmiy Ijodda tabiat va jamiyat hayotining ob’yektiv qonuniyatlari aks etsa, badiiy Ijodda ma’naviy hayot muammolariga san’atkorning sub’yektiv, o’ziga xos qarashlari, his-tuyg’ulari aks etadi. Badiiy Ijodda hayotning turfa ranglari hamda voqealari orasidan ibratli va ijtimoiy ahamiyatli bo’lganlari tanlab olinadi va badiiy umumlashtiriladi. Badiiy Ijod murakkab jarayon bo’lib, inson faoliyatining idrok etish, baholash, qadrlash singari turlari bilan bog’liq holda amalga oshadi. Buning uchun ijodkor erkin xayol, ozod tafakkur, keng ko’lamli tasavvur, milliy g’urur va yuksak orzularga ega bo’lishi kerak. Badiiy Ijod mahsulotining ommaviyligi va ijtimoii ahamiyati ana shu bilan belgilanadi. Ijodning taraqqiy etishida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy shartsharoitlari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Li.: Aristotel, ob iskusstve poezii, M., 1957; Gegel G. V., Estetika, v 4-x tomax, M., 1968-73; Maxmudov T., Estetika i duxovnie tsennosti, T., 1993; Abdul-laev A., Jajda prekrasnogo, T., 1994. Tilab Maxmudov.