Ilmiy daraja

Ilmiy daraja-muayyan fan sohasidagi mutaxassisning ilmiy malakasi darajasi. O’zbekistonda fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasi ta’sis etilgan. Ilmiy daraja yuqori malakali ilmiy xodimlarga fanni boyituvchi tadqiqot ishlari, ilmiy muammolarni amaliy yoki nazariy jihatdan hal qila oladigan mustaqil ilmiy tadqiqoti yoxud yangi muammolarni ilmiy asoslanganligiga bag’ishlangan dissertatsiyalarning maxsus ilmiy kenglashda ochiq himoya natijasi asosida ilmiy kengash va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) ekspert kengashi tavsiyasiga binoan oliy ma’lumotga ega bo’lgan shaxslarga OAK tomonidan beriladi. O’zbekiston Respublikasida boshqa davlatlarning muayyan muassasalari tomonidan berilgan ilmiy daraja muvofiqlashtirilgandan so’ng haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, O’zbekistonda chet davlatlardagi ilmiy muassasalar tomonidan berilgan faxriy ilmiy darajaga ega mutaxassislar ham bor. Bunday ilmiy darajalar O’zbekistonda fan, texnika va madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun chet ellik olimlarga ham beriladi. Chet el oliy o’quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalarida litsentsiat, bakalavr, magistr, fan doktori ilmiy darajalari mavjud.